Yangiliklar

img
Wed, 10/19/2022 - 22:05

O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari

Oʼzbek tilining xalqaro maqomini yuksaltirish va jahon hamjamiyatidagi nufuzini oshirish, dunyo tillar tizimidagi oʼrnini mustahkamlash, bugungi globallashuv davrida ona tilimizni jahon maydonida keng targ’ib etish ustuvor vazifalardandir. 
2022-yilning 19-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Manas nomidagi qirg‘iz-turk Xalqaro universiteti, Turkiya Jumhuriyati Bartin universiteti, Kastamonu universiteti, Hoji Bayram Vali universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Shokarim universiteti, Jumabek Tashenev nomli universiteti, Ozarbayjon FA Nasimiy nomidagi Tilshunoslik instituti va yana ko’plab xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. 


Konferensiya yalpi majlisida so’zga chiqqanlar, eng avvalo, butun o’zbek xalqini yaqinlashib kelayotgan o’zbek tili kuni bilan samimiy qutladilar. Barcha ma’ruzlarda o’zbek tilining boy tarixi, bosib o’tgan yo’li, o’ziga xos jozibasi, badiiy qimmati, siyosiy va ijtimoiy ahamiyati haqida qiziqarli ma’lumotlar aytildi.  


Konferensiya O’zbek tilshunosligining nazariy masalalari, amaliy tilshunoslik va lingvodidaktika muammolari, madaniyatlararo muloqot va o’zbek tili taraqqiyoti, O’zbek tilining xorijda o’qitilishi va o’zaro hamkorlik masalalari, til tarixi va turkiy tillar tadqiqotlari singari sho’balarda ish olib bordi.