
“O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” tanlovining universitet bosqichi bo‘lib o‘tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ona tili o‘zbek tili bo‘lmagan xorijlik talaba-yoshlar o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovining universitet bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi PF–6084-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasi rayosat majlisining 2025-yil 23-iyuldagi 87-son bayoni 8-ilovasi 138-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Tanlovda ToshDO‘TAUda tahsil olayotgan xorijlik talabalar ishtirok etib, o‘zbek tilini o‘rganishdagi yutuqlari, milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmati va ijodiy salohiyatini namoyon etdilar. Ishtirokchilar o‘z chiqishlarida o‘zbek tilining boy ifoda imkoniyatlari, xalq og‘zaki ijodi, adabiy merosi va zamonaviy rivojlanish jarayonlari haqidagi bilimlarini ifoda etishdi.
Tadbirda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nozliya Normurodova, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i O‘g‘iloy G‘ulyamova hamda “O‘zbek maktabi” o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Prorektor Nozliya Normurodova o‘z chiqishida bu kabi tanlovlar xorijlik talabalar orasida o‘zbek tiliga qiziqishni kuchaytirishi, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishi hamda tilimizning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Natijalar yakuniga ko‘ra, Shanxay chet tillari universitetining akademik almashinuv dasturi asosida ToshDO‘TAUda tahsil olayotgan talabalar orasida Shen Xintong birinchi, Liu Yuze ikkinchi, Xur Ruyuan va Zhao Zihan uchinchi o‘rinlarni egalladilar.
Tanlovning universitet bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan g‘oliblar endilikda “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” respublika bosqichida ToshDO‘TAU sharafini himoya qiladilar.