Yangiliklar

img
Thu, 10/19/2023 - 09:52

Oʻzbek tili – qalbim tarjimoni

O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi”  2020-yil 20-oktyabrdagi PF-6084-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2023-yil 26-iyuldagi 56-son bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida  “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi,  Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o‘tkazildi.
2023-yilning 18-oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida mazkur tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari S.Buzrukxonov hamda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri N.Xolbo‘tayev ochib berdilar.  Tanlovda yurtimizning oliy ta’lim muassasalarida tahsil oladigan 450 ga yaqin xorijlik talaba ishtirok etdi va uch bosqichda o‘zaro bellashishdi. Tanlovning yakuniy bosqichiga 15 nafar xorijlik talaba yetib keldi. Tanlov hay’ati raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchisi I.Sultonov barcha ishtirokchilarni tabriklab, o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqlari also so‘nmasligini, ular o‘z mamlakatlarida bizning madaniy elchilarimiz sifatida faoliyat olib borishlarini qayd etdi.
Msrosimda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Milliy estrada san’ati instituti  talabalarining chiqishlari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.
G‘oliblar: 1-o‘rin – I darajali diplom, bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida pul mukofoti va esdalik sovg‘alari, 2-o‘rin – II darajali diplom, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida pul mukofoti va esdalik sovg‘alari, 3-o‘rin – III darajali diplom, bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida pul mukofoti va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ko‘rik-tanlov xorijlik talabalar o‘zbek tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoit yaratish,  o‘zbek tilini bilish ko‘nikmalarini oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka keng yo‘l ochish hamda o‘zbek tili, madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib qilish, o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha yuqori natijaga erishgan xorijlik talabalarni rag‘batlantirish singari maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan.