Yangiliklar

img
Wed, 05/10/2023 - 20:35

O‘zbek tili milliy va ta'limiy korpusining nazariy va amaliy masalalari

2023-yilning 10-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Amaliy filologiya kafedrasi “O‘zbek tili milliy va ta'limiy korpusining nazariy va amaliy masalalari” mavzusidagi 3-an’anaviy respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. 
2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturida “davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikasiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash”,  “davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish” belgilangan.
“Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6084-son  Farmonida “2020-yilda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish”, “oliy ta’lim muassasalarining filologiya ta’lim yo‘nalishlarida “Kompyuter lingvistikasi”, “Amaliy filologiya” yo‘nalishlarini tashkil qilish”, “o‘zbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy ma’lumotlarni o‘zida jamlagan elektron ko‘rinishdagi o‘zbek tili milliy korpusini yaratish choralarini ko‘rish” vazifalari belgilab qo‘yildi.


Konferensiya yalpi yig‘ilish va O‘zbek tilining milliy korpusi: natijalar, muammolar, vazifalar (1), O‘zbek tilining ta'limiy korpusini yaratish masalalari (2), O‘zbek tilining formal grammatikasini yaratish muammolari, (4) Til ta’limida korpuslardan foydalanish istiqbollari, (5) Tabiiy tilga avtomatik ishlov berish muammolari kabi sho‘balarda faoliyat olib bordi.


Konferensiya yalpi yig‘ilishida ToshDO‘TAU rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi maslahatchisi Isajon Sulton, ToshDO‘TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Odina Jamoliddinova, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi maslahatchisi G‘ofir Hamroyev, Amaliy tilshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev, ToshDOʻTAU Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi mudiri, texnika fanlari boʻyicha PhD, dotsent Botir Elov, Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Shahlo Hamroyeva, Amaliy filologiya kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Shahnoza Gulyamova ma’ruza qilishdi.


Konferensiya yalpi yig‘ilishini ToshDOʻTAU O‘zbek tili ta’limi fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor Saodat Muhammedova olib bordi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida BuxDU, TerDU, O‘zMU, O‘zDJTU, TDYU professor-o‘qituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilari, magistrantlari ishtirok etishdi.