Yangiliklar

img
Thu, 10/06/2022 - 12:46

O‘zbek shoir va yozuvchilari uchun ingliz tili

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan moliyalashtiriladigan yirik loyiha g‘olibi bo‘ldi. 
Ushbu loyiha  "O‘zbek shoir va yozuvchilari uchun ingliz tili"  deb nomlangan. 10 oy davomida zamondosh o‘zbek adiblariga ingliz tili bepul o‘rgatiladi. Ular o‘z asarlarini ingliz tiliga tarjima qilishlari va bu orqali jahonning yirik ijodiy tanlovlarida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Loyiha o‘zbek ijodkorlarini xorijlik salaflari bilan yanada yaqinlashtiradi. O‘zbek adabiyotining hozirgi boy xazinasini mualliflarning o‘zlari tomonidan keng targ‘ib etilishini ta'minlaydi.

Ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni maqsad qilgan. Bundan bir necha oy avval yirik dasturni amalga oshirish uchun AQSh elchixonasi tomonidan ochiq tanlov e'lon qilingan edi. Bir qator milliy va xalqaro OTMlar ichida g‘oliblik ToshDO‘TAUga nasib etdi. Chunki aynan bizning universitet milliy adabiyotimizni jahonga  targ‘ib qilish bo‘yicha aniq strategiyaga egadir. Loyiha koordinatori f.f.d. Nozliya Normurodova AQSh elchichixonasi vakillariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi. 


25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan o‘zbek yozuvchi va shoirlari ushbu loyihada ishtirok etishlari, ingliz tilini mukammal o‘zlashtirishlari va belgilangan muddat ichida yaxshi natijalarni qayd etgan holda qimmatbaho sovg‘alarga ham ega bo‘lishlari mumkin.