Oʻzbek-qirgʻiz ilmiy-madaniy aloqalari rivoji yoʻlida
2024-yilning 26-27-sentabr kunlari O‘sh davlat universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga “Qirg‘iz va o‘zbek tillarining qiyosiy grammatikasi” mavzusidagi mahorat darslarini o‘tkazish va “Til millat ko‘zgusidir” nomli xalqaro tadbirda qatnashish uchun tashrif buyurishdi. O‘sh davlat universiteti “Fakultetlararo qirg‘iz tili” kafedrasi mudiri, f.f.b.f.d., (PhD), dotsent Zuvayda Qarazakova, mazkur kafedra katta o‘qituvchilari Gulzar Mamadiyeva, Bermet Zakirova, Elmira Alisherovalar universitetimiz talabalari va o‘qituvchilari uchun “Qirg‘iz va o‘zbek tillarining qiyosiy grammatikasi” mavzusidagi bir nechta mahorat darslarini o‘tib berishdi. O‘shlik o‘qituvchilarining mahorat darslari tinglovchilarga juda ma’qul bo‘ldi va ular bilan ushbu darslar asosida “Qirg‘iz tilini o‘rganamiz” onlayn kurslarini tashkil qilishga kelishib olindi. Kursning davomiyligi 9 oy bo‘lib, kurs oxirida qirg‘iz tilini bilish bo‘yicha til sertifikatini olish mumkin. Shuningdek, kursda a’lo baholarga o‘qib, yuqori natijalarga erishgan professor-o‘qituvchilar O‘shga taklif qilinib, ularga sertifikatlarni o‘sha yerdatopshirish reja qilindi.
Mehmonlar, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidagi “Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazi”da o‘tkazilgan va “Til millat ko‘zgusidir” nomli xalqaro tadbirda qatnashib,so‘zga chiqishdi. Ular o‘z nutqida xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stona aloqalarni mustahkamlashda universitetda o‘tkazilayotgan shu kabi xalqaro tadbirlar muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab, buning uchun universitet rahbariyatiga o‘z minnnatdorchiliklarini bildirishdi. Tadbir so‘ngida o‘shlik professor-o‘qituvchilar universitet rahbariyati nomidan o‘tkazilgan darslar uchun “Tashakkurnoma”, “Sertifikat” hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.