
“O‘zbek maktabi” loyihasi “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovi g'olibi bo'ldi
Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovi yakunlariga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbek maktabi” loyihasi “O‘zbek tilini xalqaro miqyosida ommalashtirishga xizmat qilayotgan eng yaxshi amaliy ish” yo‘nalishida g‘olib deb topildi.
Mazkur tanlovning asosiy maqsadi o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uni ilm-fan, texnologiya va madaniyat sohalarida keng targ‘ib etayotgan ilg‘or tashabbuslarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu maqsadda tashkil etilgan tanlovda “O‘zbek maktabi” loyihasi o‘zbek tilini xorijiy mamlakatlarda o‘qitish, xalqaro miqyosda ommalashtirish va uni raqamli hamda innovatsion yondashuvlar orqali rivojlantirish borasidagi amaliy natijalari bilan ajralib turdi.
Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova rahbarligidagi “O‘zbek maktabi” loyihasi bugungi kunga qadar yuzlab xorijlik talabalar va tinglovchilarga o‘zbek tilini o‘rgatib, O‘zbekiston madaniyati va qadriyatlarini dunyo miqyosida targ‘ib etib kelmoqda. Loyiha doirasida xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, zamonaviy darsliklar, onlayn kurslar va amaliy mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
Nozliya Normurodova hozirda Oksford universitetida o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy tadbirda ishtirok etayotganligi sababli, tanlovda e’tirof etilgan ushbu yutuqni “O‘zbek maktabi” o‘qituvchisi Durdona Ermatova qabul qilib oldi.
Bu e’tirof “O‘zbek maktabi” faoliyatining xalqaro miqyosda o‘zbek tilini o‘rgatish va targ‘ib etish borasidagi yuksak samaradorligini, shuningdek, O‘zbekistonning til siyosatini dunyo miqyosida mustahkamlash yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlarning natijasini yaqqol namoyon etadi.