O‘zbek bolalar adabiyotining kelajagi haqida
Adabiyotning eng noyob qismi bu, shubhasiz, bolalar adabiyotidir. Bolalar uchun ijod qilish ikki hissa mas'uliyat. Ammo so'nggi yillar o'zbek adabiyotida bolalar ijodkorlari soni kamayib ketdi, bolalar adabiyotining taqdiri haqida qayg‘urayotgan ToshDO‘TAU jamoasi mavjud muammolarga yechimni yosh ijodkor talabalar siymosida ko‘rmoqda.
Ona tili va adabiyot ta'limi kafedrasi tashabbusi bilan zamondosh bolalar ijodkorlari va shunday asarlarni ilmiy tadqiq qilishga umrini bag‘ishlagan olimlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bir oydan buyon fakultetning iqtidorli talabalari uchun bolalar adabiyoti fanidan maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazilyapti.
Darslarda mushhur adabiyotshunos Safo Matjon, bolalar shoirasi Kavsar Turdiyeva, atoqli ijodkor Dilshod Rajab talabalarga mahorat darslari tashkil etdilar.

"O‘zbek bolalar adabiyotida bugun sanoqli nomlargina qoldi, kelajagimiz egalari uchun milliy qadriyatlarimizga sodiq, ezgulikni targ‘ib etadigan, bolalar tafakkurini anglaydigan, so‘zamol va dono adiblar kerak. Biz zamondosh bolalar ijodkorlarini talabalar bilan yaqinroq bo‘lishlarini va shuning barobarida shu talabalar orasidan bolalar uchun ijod qiladigan iste'dodli ijodkorlarni kashf qilishni istaymiz", — deydi filologiya fanlari doktori Gulnoza Jo‘rayeva.

Bolalar uchun nashr etilayotgan milliy adabiy manbalarimiz soni kamligi uchun ham bugun kitob do‘konlarini boshqa tillardagi yoki tarjima asarlar egallab olgani achchiq haqiqat. Milliy adabiyotimizda Anvar Obidjon, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyev singari ijodkorlardan keyin katta bo‘shliq paydo bo‘lgandek. "O‘zbek bolalar adabiyotining kelajagi shu universitet dars xonalarida bilim va tajriba yig‘ayotganiga chin dildan ishonamiz. Zotan, biz bu sohaning rivoji uchun izlanishdamiz", — deya qayd etdi Kavsar Turdiyeva.
O‘tkazilayotgan mahorat darslarida ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar bolalar uchun ijod qilishga qodir yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularga ustozlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.


