2023-yil 26-aprelda kafedra professori, pedogogika fanlari doktori Roza Niyozmetovaning 60 yoshlik yubileyi bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov,
Universitet prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor Odinaxon Jamoldinova,
Universitet professori Saodat Muhamedova, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Oytoji Oxunjonovalar so‘zga chiqib, tabriklashdi.
Shuhrat Sirojiddinov,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor
QUTLOV
Hurmatli Niyozmetova Roza Hasanovna! Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi Sizni bugungi qutlug‘ yoshingiz bilan tabriklashdan mamnunligini izhor qiladi. Biz Roza Niyozmetova deganda, serg‘ayrat, zukko bir olimani, respublikamizdagi metodist olimlarning yetuk va bilimdon akillaridan birini ko‘z oldimizga keltiramiz. Sizdagi zamonga hamnafaslik, kamtarlik, hamisha o‘zgalarning xalovati uchun jon kuydirib ishlash, insoniylik kabi fazilatlar barchamizni quvontiradi. Siz yosh avlodga tom ma’noda ibrat bo‘ladigan hayot yo‘lini bosib o‘tyapsiz. Ilmiy ishga chanqoqligingiz, tirishqoqligingiz va ko‘p yillik fidoyi mehnatingiz mahsuli bo‘lgan o‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi muammolariga bag‘ishlangan respublikamiz va xorijning nufuzli nashrlarida chop etilgan 300 ga yaqin maqolalaringiz, “XX asr o‘zbek adabiyotini o‘qitish mazmunini belgilash masalalari”, “Uzluksiz ta’lim tizimida o‘zbek adabiyotini o‘rganish metodikasi” nomli monografiyalaringiz, bakalavr bosqichi uchun yaratilgan “Adabiyot o‘qitish metodikasi” darsliklaringiz, uzluksiz ta’lim tizimining turli bosqichlari uchun yaratilgan 19 ta o‘quv qo‘llanma,14 ta metodik qo‘llanmalaringiz metodika ilmining rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilganini ilm ¬fan, adabiyot va soha mutaxassislari chuqur e’tirof etishadi. Ayni paytda bu asarlar o‘quvchilar, talabalar, magistrantlar, tayanch doktorant va yosh izlanuvchi yoshlarimizning fan cho‘qqilari sari yuksalishlarida, kasbiy tayyorgarligini o‘stirishda yaqin ko‘makdosh bo‘layotgani barchamizga ayon. Sizga ergashib va havas qilib kechagi adabiyotga mehr qo‘ygan talabalar – Sizning shogirdlaringizning aksariyati bugun magistr, pedagogika fanlari doktori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga sazovor bo‘lishgan. Ularning safida bugun sizning bevosita rahbarligingiz ostida to‘qqizta iqtidorli yoshlar pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olganligi, ikkita olim fan doktorlik ishini yakunlagani bizni behad quvontiradi. Sizning bir qancha ilmiy himoya kengashlari a’zosi sifatidagi fidoyiligingiz ham alohida tahsinga sazovor. Muhtaram ustoz, Sizni kamtar va kamsuqum, halol va zahmatkash inson sifatida hurmat qilamiz. Qadrli Roza Niyozmetova! Sizga bitmas¬ tuganmas sog‘liq¬salomatlik, bardamlik, ilm¬fan sohasida yangidan¬yangi cho‘qqilarni zabt etishda ulkan zafarlar tilab qolamiz. Uzoq yillar davomida farovon hayot kechirib, adabiyot o‘qitish metodikasi sohasiga yana ko‘plab shogirdlar, yangiliklar olib kirishingiz bardavom bo‘lsin. Sizga ikki olam saodatini tilab yana bir bor 60 yoshingiz bilan qutlaymiz.
Kafedra dotsenti, p.f.f.d. (PhD) Saodat Qambarova rahbarligida kafedra mustaqil izlanuvchisi Rayhona Tillayeva “Yuqori sinf adabiyot darslarida o‘quvchilarning tadqiqotchilik kompetensiyalarini shakllantirish texnologiyasi” mavzusida ilmiy ishini himoya qildi.
Kafedra a’zosi Ishonxanova Iroda Abduvaxitovna “Ta’lim tizimida Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishga innovatsion yondashuv” mavzusida ilmiy tadqiqot ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi.
O‘zbek adabiyoti ta’limi kafedrasi professor-o‘qituvchilari ped. fan. dok (PhD) Saodat Qambarova, Surayyo Inomjonova, Jamoliddin Nurmuhammadovlar hammuallifligida Ijod maktablarining 8-9-sinflari uchun “Adabiyot” darsligi yaratildi.
O‘zbek adabiyoti ta’limi kafedrasi dotsenti, ped.f.f.d. (PhD) Mahfuza To‘ychiyeva O‘zbekiston tarixi kanalida “Kitob mutolaasi” ko‘rsatuvida ishtirok etdi.
O‘zbek adabiyoti ta’limi kafedrasi o'qituvchilari Inomjonova Surayyo va Nurmuxammadov Jamoliddinlarning pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyasi bo‘yicha kafedra muhokamasi bo'lib o‘tdi.