Yangiliklar

img
Wed, 09/07/2022 - 10:20

Orzularim maskani

Talabalik katta hayot yo‘lining pillapoyasidir. Ko‘p jihatdan bizning aynan qaysi oliy ta’lim muassasasini tanlashimiz kelajagimizni belgilab beruvchi omil sanaladi. Har bir abituriyent o‘z qiziqishlari, iqtidori va bilimidan kelib chiqqan holda OTM tanlaydi. Bizning bugungi qahramonimiz talabalik maqomiga yaqindagina sazovor bo‘lgan, bilimli va shijoatli Shahnoza Anvarjonovadir. 
Ma’lumki, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab OTMga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan yoshlarga Prezident granti stipendiyasi joriy etilgan. Bunday bilimli yoshlar soni Respublikamizda 200 nafarni tashkil etadi. Shunday baxtli talabalardan biri bugungi qahramonimizdir. 
Assalomu alaykum, Shahnoza, avvalo sizni ulkan g‘alaba, katta muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Talabalik va zafar muborak!
− Assalomu alaykum, tashakkur. Taklif va e’tibor uchun ham rahmat!  
Shahnoza, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tanlashingiz boisi nima? 
−  Men 11- sinf bo‘lgunimga qadar kimdir “Qayersi universitetga hujjat topshirasan?” -  deb savol bersa, “O‘zbekiston davlat Jahon tillari universitetiga”,  deb qo‘ya qolardim. Lekin  o‘shanda ham O‘zbek tili va adabiyot yo‘nalishida tahsil olishni juda ham xohlaganman-u,  “Shuncha o‘qib til va adabiyot ustozi bo‘lasanmi?”, degan fikrlar 11-sinfga qadar men uchun chegara bo‘lib kelgan. Lekin hamma gap-so‘zlarni unutib,  ko‘pchilikning qarshiligiga qaramay, o‘z yo‘nalishimni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidagi O‘zbek tili filologiyasi fakultetiga o‘zgartirdim.  Nimaga aynan  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tanlaganimga ko‘pchilik qiziqdi, chunki o‘zbek tilini va adabiyotini o‘rgatadigan universitetlar bir talay. Bir kuni ustozim menga  bir narsa aytib berdi: “Agar sen uyingdan biror eski soat topib olsang va uni qo‘shningga olib kirsang, u bu soat uchun 5 ming so‘m beradi. Agar uni soatsozga olib borsang, uni qurilmalarini ko‘rib balki soat uchun 50 ming berar. Lekin o‘sha soatni muzeyga olib borsang, u yerda senga soat uchun 500 ming balki undan ham ko‘p pul berishlari mumkin”. Bu dunyoda odamlarni yoki narsalarni qadri turli joylarda turlicha mezonlar bilan o‘lchanarkan. Men o‘z tilimni, ona tilimni qadrini, uning kelajagini aynan shu universitetda ko‘ra oldim. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti boshqa barcha oliygohlar singari yangi jihozlar, shinam o‘quv xonalari, zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. Uni boshqalaridan bittagina va ulkan farqi bor -  bu universitetni  har bir burchagida o‘zbek tili yuragi urib turadi. Ishonamanki, shu yerda tahsil olgan har bir talaba kelajakda o‘z sohasi bo‘yicha malakali kadr bo‘lib yetishadi. Menga o‘zbek tili yuragini eshittira olgan universitetda tahsil olayotganimdan juda ham baxtiyorman.
Universitetda o‘tgan dastlabki 3 kun qandaydir tugal xulosalar qilish uchun qisqa muddat. Biroq ilk taassurot bir umrli bo‘ladi. Universitet haqidagi dastlabki taassurotlaringiz haqida bo‘lishing.
− Bilasizmi, go‘yo bir umr shu universitetda yashagandekman, ustozlarni huddi avvaldan taniydigandek qadrdonlashib ketdik. Bunaqa iliq va samimiy muhitni toppish qiyin. Universitetning qandaydir jo‘shqin, yoqimli va odamga g‘urur baxsh etadigan atmosferasi bor ekan. Men boshqa OTMlarda bunday iliqlikni his qilmaganman hech ham. Shunda angladimki, tanlovim xato bo‘lmagan. Birinchi kuniyoq universitet rektoridan talabalik guvohnomasini olarkanman, ustoz menga “Gapiring, qani, qizim” , dedilar. Men shunday salobatli olim, rahbar, ustozdagi bunday sodda va g‘amxo‘r munosabatni ko‘rib, ochig‘i lol qoldim. Endi qo‘rqmay ayta olaman, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti – orzularim maskani!