Yangiliklar

img
Mon, 01/29/2024 - 18:20

"O'rxun" dasturi g'oliblari bilan suhbat

Universitetimiz talabalari Sevinch Qayumova hamda Munisa Rafiqjonova "Orxun" dasturi g'olibi bo'lib, bir semestr davomida  Turkiyaning nufuzli Ege universitetida tahsil olishdi.  "Orxun" almashinuv dasturi – bu turkiy davlatlar universitetlari o’rtasida akademik almashinuv dasturidir. Dastur doirasida o’qish uchun bir nechta qadamlar bor. Barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o'rtgan Munisa Ege universitetining Turk tili va adabiyoti bo'limiga, Sevinch esa Tarjima bo'limiga o'qishga yuborildi. Ularga O’rta Turkcha (“Qutadg’u Bilig”, “Devoni lug’atit-turk” asarlarining tillari), Eski Turkcha, Dunyoda Turkologiya masalalari, Turk dunyosida adabiy aloqalar, Folklor, Eski yozuv haqida darslar o'tildi. 
"Bu yerda o’tgan ijtimoiy, darsdan tashqaridagi hayotimning o’zi bir boshqa olam bo’ldi. Nafaqat turk dunyosi: Turkiya, Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, balki butun dunyodan do’stlar orttirdik," deydi, Munisa Rafiqjonova. 
Tahsil olish davomida talabalarimiz xalqaro “Turk dunyosi modernlashuvi: roman va hikoya sempoziumi”da ham ishtirok etishdi. Sempozium Ismoil Gaspirali xotirasiga bag’ishlab o’tkazildi va XX asr boshlarida adabiyotdagi o’zgarishlar, jadid adabiyotini qamrab oldi. Talabalarimiz bu yirik nufuzli tadbirda ko'ngilli sifatida ishtirok etib, o'z mahoratlarini ko'rsatgach, erkin tarjimon sifatida ham bir muddat faoliyat olib borishdi.

  

"Ege universiteti rektori va prorektori ishtirokida bizga o’qiganimiz haqida ma’lumotnomalar topshirishdi, taassurotlar, fikrlarimizni so’rashdi. Esdaliklar berib xayrlashuv marosimi tashkillashdi. Rektor Nejdaet Budak rektorimizga va butun universitetimiz jamoasiga ko’p salom aytdilar. Selami Fedakar ustozimizning ham rektorimizga va ustozlarimizga ko’p salomlari bor. Bo’limdagi ustozlar va magistratura talabalari aka-opalarimiz hamma-hammaga salom yetkazishimizni so’rashdi", deya suhbatini yakunladi Munisa Rafiqjonova. 
Endi Sevinch va Munisa xorijda o'rganganlarini universitetimiz talabalari bilan baham ko'radilar, ijobiy tajribalarni o'zlashtiramiz. Barcha talabalarimizni mana shunday dasturlarda ishtirok etishga chaqiramiz. Zotan, xorijda bilim olish, tajriba orttirish hamisha manfaatli bo'lgan.