
O‘qituvchi va murabbiylar kuni ToshDO‘TAUda nishonlandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov so‘zga chiqib, professor-o‘qituvchilar hamda barcha ta’lim fidoyilarini samimiy qutladi:
“Aziz hamkasblar, zahmatkash ustozlar, ziyolilar! Sizni umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklab, yuksak hurmat-ehtiromimni izhor etishdan baxtiyorman. Universitetimizning har bir professor-o‘qituvchisi o‘z ilm sohasining yetuk mutaxassisi ekanini xalqaro reytinglarda erishayotgan yutuqlarimiz yaqqol dalillab turibdi. Bularning barchasi sizning tinimsiz mehnatingiz va izlanishlaringiz samarasidir”, — dedi u.
Rektor so‘zida Prezidentimizning ustoz va murabbiylarni jamiyatda eng oliy maqomga ko‘tarish masalasiga oid fikrlarini eslab, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifiy jamiyat” g‘oyasi yo‘lida pedagoglarimizning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir davomida universitet jamoasining yutuqlari ham alohida qayd etildi. Jumladan, ToshDO‘TAU yaqinda e’lon qilingan Round University Ranking (RUR) reytingida jahonning TOP-733 universiteti sifatida e’tirof etildi. Shu bilan birga, nufuzli Times Higher Education xalqaro reytingida “Gender tengligi” va “Sifatli ta’lim” yo‘nalishlarida dunyoning kuchli yigirmata oliygohi qatoridan joy olgani barchaga g‘urur bag‘ishladi.
Bayram tadbirida bir guruh faol ustozlar ham taqdirlandi. Jumladan, professor Odinaxon Jamoliddinova va universitet Kasaba uyushma kengashi raisi Ra’no Azizovalarga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, universitet talabalarining ijodiy chiqishlari asosida tayyorlangan bayramiy kompozitsiya yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.