Yangiliklar

img
Sat, 11/29/2025 - 19:57

Oʻninchi bor yosh filologlar xalqaro anjumani oʻtkazildi

2025-yil 29-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Filologiya masalalari — yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusidagi X xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur ilmiy maydon universitetning ilm-fan sohasida olib borayotgan keng ko‘lamli faoliyati, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tizimli ishlarining yana bir amaliy ko‘rinishi sifatida alohida ahamiyatga ega.  
Anjuman bu yil o‘zining qamrovi va ishtirokchi mamlakatlar sonining ortgani bilan ham ajralib turdi. Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Tojikiston, Xitoy kabi davlatlarning 10 ta yetakchi universitetlaridan tashrif buyurgan olimlar, yosh tadqiqotchilar va talabalar o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok etishdi. Statistik ko‘rsatkichlar ham anjuman ko‘lami yildan-yilga kengayib borayotganini tasdiqlaydi: 2022-yilda jami 151 ta maqola qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 201 ta ilmiy ishlarga yetdi. Bu esa anjumanning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori oshib borayotganidan dalolat beradi.  
Anjumanni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Nutq davomida u ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilar ekan, yoshlarning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan intilishlari, yangicha qarashlari va dolzarb mavzularni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatladi.  
Shundan so‘ng anjuman sho‘balarga bo‘linib, o‘z faoliyatini davom ettirdi. Adabiyotshunoslik sho‘basida o‘zbek adabiyoti tarixi, zamonaviy adabiy jarayon, folklorshunoslik, bolalar adabiyoti, matnshunoslik, navoiyshunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik hamda jahon adabiyoti muammolariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Amaliy filologiya sho‘basida kompyuter lingvistikasi, amaliy filologiya va nashriyotchilik bo‘yicha maqolalar taqdim etildi. Tarjimashunoslik sho‘basida tarjima nazariyasi va amaliyotining zamonaviy masalalari, tarjima maktablari, tarjimon kompetensiyasining shakllanishi, ilmiy-texnikaviy va sinxron tarjima yo‘nalishlariga oid tadqiqotlar muhokama qilindi. Tilshunoslik sho‘basida til tarixi, hozirgi o‘zbek adabiy tili, turkiy tillar, imlo masalalari, shevashunoslik, lingvopoetika, psixolingvistika va lingvokulturologiya yo‘nalishlaridagi ilmiy ishlarga baho berildi. O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi sho‘basida esa filologiyani o‘qitishning samarali metodlari, til va adabiyot darslarida qo‘llaniladigan yangicha yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.  
Har bir sho‘bada taqdimot qilgan mualliflar professor-o‘qituvchilar tomonidan tinglanib, ularning ilmiy yondashuvi, mavzuning dolzarbligi, ilmiy natijalarining amaliy ahamiyati yuzasidan batafsil tavsiyalar berildi. Ustozlar tomonidan yosh tadqiqotchilarning izlanishlarni davom ettirishlari, ilmiy muammolarni teranroq o‘rganishlari va akademik salohiyatni yanada mustahkamlashlari zarurligi ta’kidlandi.  
Anjuman yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, eng yuqori baho olgan ilmiy ishlar “Eng dolzarb mavzudagi maqola” va “Eng yaxshi ilmiy asoslangan maqola” nominatsiyalari bo‘yicha diplomlar bilan taqdirlandi. Ushbu e’tiroflar yosh tadqiqotchilarni yangi ilmiy g‘oyalarga, yanada puxta izlanishlar olib borishga chorlovchi muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.  

Tadbir yakunida xorijdan tashrif buyurgan ishtirokchilar bilan universitet talabalari o‘rtasida samimiy muloqot o‘tkazilib, o‘zaro do‘stona ilmiy hamkorlik aloqalari mustahkamlandi. Bunday uchrashuvlar nafaqat ilmiy tajriba almashish, balki madaniy aloqalarni kengaytirish uchun ham muhim maydon yaratadi.  
Shuni alohida qayd etish kerakki, universitetda 2016-yilda tashkil etilgan “Yosh olimlar jamiyati” bugungi kunda 850 ga yaqin a’zoni birlashtirgan, yoshlarning ilmiy o‘sishiga xizmat qilayotgan muhim platformadir.