Ona tilimiz – millat faxri
21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti Masofaviy ta’lim kafedrasi tomonidan sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan kafedra mudiri va ustozlar O‘zbek tilining xalqimiz tarixidagi o‘rni, uning boy imkoniyatlari, shuningdek, yosh avlodni ona tilini chuqur o‘rganishga, ardoqlashga da’vat etish zarurati haqida fikr yuritdilar.
Tadbir mehmonlari sifatida Istanbul universiteti professori Kemal Yavuz Ataman hamda filologiya fanlari doktori, professor Dilnavoz Yusupova ishtirok etdilar. Ular o‘z chiqishlarida til – millat ruhi va tafakkurining ifodasi ekanligini, uni asrash va rivojlantirish har bir ziyolining muqaddas burchi ekanini ta’kidlashdi.

Professor Kemal Yavuz Ataman o‘zbek tilining jahon tillari orasidagi nufuzini e’tirof etar ekan, turkiy xalqlarni birlashtiruvchi omil sifatida tilning qudrati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, talabalarga o‘z ona tiliga sadoqatli bo‘lish, uni sevish va uni dunyoga tanitish yo‘lida izlanish zarurligini uqtirdi.

Tadbir yakunida talabalarga ona tiliga mehr va hurmat ruhida yashash, uni ilmda, ijodda va kundalik hayotda to‘laqonli qo‘llashga chaqiruvchi tavsiyalar berildi.

