“Ona tilim — millat g‘ururi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
2025-yil 21-oktabr kuni Yunusobod tumanidagi 220-maktabda “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan “Ona tilim — millat g‘ururi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar qalbida ona tilimizga muhabbat, milliy g‘urur va qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yanada chuqurlashtirishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida amaliyotni o‘tayotgan 4+2 bosqich talabalari, maktab o‘quvchilari hamda o‘qituvchilar faol ishtirok etishdi.
Tadbir davomida talabalar va o‘quvchilar tomonidan ona tilimizning bebaho qadriyati, o‘zbek adabiyotining boy merosi hamda buyuk adiblarimizning ijodiy faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, she’rxonlik tanlovlari, sahna ko‘rinishlari va til hamda adabiyotga oid viktorinalar tashkil etilib, o‘quvchilar o‘z iste’dodlarini namoyon etishdi.

Tadbir yakunida eng faol ishtirokchilar estalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Bu esa yoshlarni yanada ilhomlantirib, ularning ona tiliga bo‘lgan mehrini yanada kuchaytirdi.
“O‘zbek tili bayrami” doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir nafaqat o‘quvchilarga, balki amaliyotchi talabalar uchun ham katta ahamiyat kasb etdi. Ular maktab o‘quvchilari bilan ishlash, dars jarayonlarida faollik ko‘rsatish va pedagogik tajribalarini boyitish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar ona tilimiz — o‘zbek tilining milliy birlik, faxr va ma’naviyat timsoli ekanini chuqur his etishdi. Shu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar qalbida milliy iftixor tuyg‘usini mustahkamlashga, ularni ona tilimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

