Olov - tilsiz yov
Mamlakatimizda 2024-yil 15-noyabridan 15-dekabriga qadar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” deb e’lon qilingan bo‘lib, ushbu davrda turli xavfsizlik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Yakkasaroy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi (FVBP) vakillari ishtirokida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yakkasaroy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Rustam Ulxujayev va bo‘lim bosh inspektori, katta serjant Shuxrat Xalilov ishtirok etdilar. Tadbirning asosiy maqsadi – talaba-yoshlar orasida yong‘in xavfsizligi madaniyatini oshirish, is gazidan zaharlanish, yong‘inlar va havo-gaz aralashmasi chaqnashi kabi xavfli holatlarning oldini olish bo‘yicha tushunchalar berishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur tadbir ikki qismdan iborat bo‘ldi: davra suhbati va amaliy mashg‘ulot. Davra suhbati davomida mas’ul mutaxassislar yong‘in xavfsizligi qoidalari, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish tartibi va bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha muhim ma’lumotlarni yetkazdilar. Talabalar yong‘inlar va is gazidan zaharlanishning asosiy sabablarini chuqur o‘rganib, ularni bartaraf etish choralari haqida batafsil ma’lumot olishdi.
Amaliy mashg‘ulotlar esa talabalarga real hayotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda qanday harakat qilishni o‘rgatishga qaratilgan edi. Bu mashg‘ulotlarda yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, zaharlanishdan himoyalanish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘nikmalar namoyish etildi. Mutaxassislar o‘z sohasidagi tajribalariga tayanib, turli holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishning ahamiyatini tushuntirdilar.
Mazkur tadbir talaba-yoshlar o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini oshirish va favqulodda vaziyatlarda ularda kerakli malaka va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi. Oylik davomida bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan samarali choradir.