Yangiliklar

img
Fri, 12/19/2025 - 09:55

Oliy ta’limda sifat kafolati: Bolonya jarayoniga oid muhin seminar

2025-yil 18-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Sifat kafolati va strategik rivojlanishga kompleks yondashuv: malaka talablari va daraja tuzilmalarini Bolonya jarayoniga uyg‘unlashtirish orqali tizimli muammolarni bartaraf etish” mavzusida xalqaro onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir ToshDOʻTAU tashabbusi bilan  Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi O‘zbekistondagi Milliy ofisi koʻmagida  tashkil etildi. Seminar Zoom platformasi orqali o‘tkazilib, YouTube tarmog‘ida jonli efirda namoyish etildi.

Mazkur seminar O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida sifat kafolatini ta’minlash, ta’lim dasturlarini strategik rejalashtirish bilan bog‘lash, shuningdek, malaka talablari va ta’lim darajalari tuzilmalarini Bolonya jarayoni tamoyillariga moslashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekistonning barcha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari vakillari, ta’lim sohasiga mas’ul tashkilotlar xodimlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Seminar ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamda Erasmus+ Milliy ofisi vakillari so‘zga chiqib, oliy ta’lim tizimida sifat kafolatiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani va Bolonya jarayoni tamoyillarining ahamiyatini qayd etdilar. Tadbir tashabbuskori Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, HERE eksperti  Nozliya Normurodova oʻz ma’ruzasida Bolonya jarayoniga moslashuv faqat tashqi talablarni bajarish bilan cheklanmasligi, balki ta’lim mazmunini aniq va tushunarli shaklga keltirishga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi. U sifat kafolati tizimi hujjatlar uchun emas, balki talaba, o‘qituvchi va ish beruvchi manfaatlariga xizmat qilishi kerakligini qayd etdi.

  

Seminarning asosiy ma’ruzachisi bo‘lgan xalqaro ekspert Ellen Hazelkorn o‘z chiqishida sifat kafolatini strategik boshqaruvning ajralmas qismi sifatida ko‘rib chiqish zarurligiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, malaka talablari va ta’lim darajalari aniq belgilangan taqdirdagina diplomlarni tan olish, akademik mobillik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati kengayadi.

Seminar davomida bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlari doirasida o‘rganish natijalari, kredit tizimining amaliy jihatlari hamda ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilindi. Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilar o‘z tajribalaridan kelib chiqib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan fikr va takliflar bildirdilar.

  

Seminar yakunida ishtirokchilar sifat kafolatini oliy ta’lim tizimining alohida yo‘nalishi sifatida emas, balki butun ta’lim jarayonining ajralmas qismi sifatida qarash zarurligi yuzasidan yakdil fikr bildirdilar. Seminar Bolonya jarayoni tamoyillarini O‘zbekiston sharoitida samarali joriy etish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.