Olimlar hamkorligi yangi bosqichda
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Qozog‘iston Respublikasining E.A. Buketov nomidagi Qarag‘anda milliy tadqiqot universiteti o‘rtasida 2021-yilda imzolangan hamkorlik shartnomasi o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. So‘nggi to‘rt yil davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy, ta’limiy va ijtimoiy yo‘nalishlarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu davr mobaynida universitetlar olimlari Qarag‘anda milliy tadqiqot universitetida muntazam ravishda mahorat darslari, ilmiy seminarlar tashkil etib kelmoqda. Har yili “Zamonaviy dunyoda sotsiologiya va amaliy psixologiya muammolari” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman esa bu hamkorlikning yorqin namunalaridan biridir. Anjumanda ko‘plab mamlakatlardan taniqli sotsiolog va psixolog olimlar ishtirok etadi.
So‘nggi yillarda har ikki universitetning xalqaro nufuzi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, E.A. Buketov nomidagi Qarag‘anda universiteti QS World University Rankings reytingida 901+ o‘rinni egalladi. Mazkur universitet o‘tgan yili tadqiqot universiteti sifatida tan olingan bo‘lsa, joriy yilda milliy universitet maqomini qo‘lga kiritdi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti esa xalqaro THE Impact Rankings 2025 reytingida 100 o‘ringa ko‘tarilib, gender tengligi yo‘nalishida dunyoning eng yaxshi 20 ta universiteti qatoridan joy oldi.
Joriy yilning 15–24 oktabr kunlari universitetimiz professor-o‘qituvchilarining Qarag‘anda milliy tadqiqot universitetiga tashrifi amalga oshirilmoqda. Delegatsiya tarkibida “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” hamda “Psixologiya va sotsiologiya” kafedralarining etakchi olimlari va pedagoglari ishtirok etmoqda.

Tashrif doirasida professor-o‘qituvchilar qisqa muddatli stajirovka o‘tayapti, xorijiy talabalar uchun mahorat darslari o‘tkazmoqda. Shuningdek, ikki tomonlama kelgusi rejalar, xususan, kelgusi o‘quv yilidan boshlab akademik mobillik dasturi asosida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Bu kabi o‘zaro hamkorlik tashabbuslari ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlab, ilm-fan va ta’lim sohasidagi yangi imkoniyatlarga yo‘l ochmoqda.

