Olimamiz Turkiyada stajirovka o'tab qaytdi
2025-yil 28-martdan 8-aprelga qadar Turkiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Istanbul universitetida O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti v.b., filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Manzura Shamsiyeva qisqa muddatli stajirovkada ishtirok etdi.
Mazkur stajirovka doirasida u universitet jamoasi, xususan, filologiya sohasida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan yaqindan tanishdi. Turli yo‘nalishlardagi ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlarni kuzatish, xorijiy o‘quv jarayoni hamda pedagogik yondashuvlarni tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Stajirovka davomida Istanbul universitetining O‘zbek tili yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari uchun Manzura Shamsiyeva tomonidan “Alisher Navoiy peyzaj matnlarining lingvokognitiv tadqiqi” mavzusida seminar mashg‘uloti o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulot doirasida eksperimental tahlil asosida o‘z tadqiqot yo‘nalishining nazariy va amaliy jihatlari bilan talabalarga yaqindan tanishtirildi.

Bundan tashqari, stajirovka davomida ilmiy izlanishlar uchun Istanbul universiteti kutubxonasi, “Axmet Xamdi Tanpinar” adabiy muzey-kutubxonasi, “Beyazit Public Library” hamda “Sulton III Ahmat kutubxonasi (Topkapi)”da bo‘lib, lingvistika, stilistika, kognitiv tilshunoslik va adabiyotshunoslik yo‘nalishlariga oid manbalar bilan ishladi. Ushbu muassasalardagi noyob adabiy-tarixiy fondlar bilan tanishish tadqiqot ishining mazmunan boyishiga xizmat qildi.
Mazkur stajirovka Manzura Shamsiyevaga nafaqat xorijiy ta’lim tizimi, balki ilmiy yondashuvlar, dars jarayonlarini tashkil etish uslublari bilan bevosita tanishish imkonini berdi. Ushbu tajriba kelgusida kafedra faoliyati, dars jarayonining samaradorligi va talabalar bilan ishlash sifatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.


