Yangiliklar

img
Wed, 05/03/2023 - 15:41

Olim Nusratullo Jumaxo'ja 70 yoshda

Joriy yilda  yetuk navoiyshunos olim, nuktadon ustoz Nusratullo Jumaxo'janing qutlug'  70 yoshni qarshiladi. Bugun universitetimizda olim tavallud kuni munosabati bilan qutlov marosimi bo'lib o'tdi. Marosimda olimning hamkasblari, do'stlari, oila a'zolari, yaqinlari va shogirdlari ishtirok etdi. Tadbirda so'zga chiqqan universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov olimning milliy adabiyotimiz tarixini o'rganishdagi xizmatlarini alohida e'tirof etdi "Adabiyot tarixining o’ziga xos nozik jihatlarini o’rganib, mumtoz manbalarimizni tahlil qilishda  sizning o’z o’rningiz, betakror uslubingiz bor", dedi u. 
Nusratullo Jumaxo'ja  o’z zahmatkashligi, fanniy haqiqatlar uchun kurashishi, teran fikrlash tarzi, oz va soz yozish san’ati, adabiyotshunoslik ilmi bilan uyg‘un tilshunoslik, tarix, eski o‘zbek yozuvini ham chuqur bilishi, oldi-qochdi mavzularda hech qachon qalam tebratmaganligi bilan ilm yo’liga qadam qo’yayotgan tadqiqotchilarga o’rnakdir.


U jadidlar yo‘lidan borib, 10-sinflar uchun “O‘zbek adabiyoti” darsligi va shu nomda majmua tuzib, nashr etdi; oliy o‘quv yurtlari uchun “O‘zbek adabiyoti tarixi (XVI  asr birinchi yarmi)” darsligini yaratdi; yigirmadan ortiq fundamental tadqiqot va besh yuzdan ziyod ilmiy, tanqidiy, ilmiy-ommabop maqolalar  muallifidir.  Ayniqsa, “Turdi nazmi badiiyati”, “Huvaydo merosining ma’naviy, ma’rifiy mohiyati”, “Feruz madaniyat va san’at homiysi”, “Munis g‘azaliyoti”, “Qaro ko‘zum...” g‘azali tadqiqi” kabi kitoblarida fitratona nuktazarblik, tahlil va talqinlarni ko‘rish mumkin.


Biz ham filologiya fanlari doktori, professor Nusratullo Atoullo o'g'li Jumaxo'jani  qutlug‘ 70 yoshi bilan chin ko‘ngildan  muborakbod etamiz! Ustozga uzoq umr, tansihatlik, ustozlik maqomida oliy rutbalar tilaymiz!