Yangiliklar

img
Fri, 10/17/2025 - 14:43

Oksford olimlarining e'tiroflari

Xabaringiz bor, joriy yilning 14-oktabr kuni Oksford universitetida Oʻzbekshunoslik dasturining rasmiy taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur dastur o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatini xalqaro miqyosda o‘rganish, shuningdek, o‘zbekshunoslik yo‘nalishida ilmiy izlanishlarni kengaytirish sari tarixiy ahamiyatga ega qadam bo‘ldi.

Tadbir doirasida Oksford “Birsoʻz tashabbusi” rahbari Leyla Najafzoda hamda taniqli turkolog olim Nikolaz Kontovas o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Leyla Najafzoda mazkur voqelikka o‘z munosabatini bildirar ekan, Oksfordda o‘zbek tili va madaniyati bo‘yicha alohida dastur yo‘lga qo‘yilgani bois chuqur mamnunligini izhor etdi. U o‘zbek tili jahon ilmiy hamjamiyatida tobora keng e’tirof topayotgani, bu esa xalqlar o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Oksford universiteti professori, taniqli turkolog Nikolaz Kontovas esa ikki oliy ta’lim muassasasi — Oksford universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi. U ushbu hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, o‘qituvchi va talaba almashinuvi, hamda o‘zbekshunoslikni rivojlantirishga qaratilgan muhim ishlar haqida so‘zlab, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar Oksforddagi o‘zbek tili tadqiqotlariga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.