
OITS va giyohvandlik – hozirgi kun global muammosi
Joriy yilning 12-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida “OITS va giyohvandlik – hozirgi kun global muammosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni universitet shifokori N.Shermatova va hamshira F.Davronova ochib, “OIV infeksiyasi va giyohvandlik” mavzusida taqdimot va ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzada OITSning dunyo miqyosidagi jiddiy gumanitar, tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarayotgani, uning kelib chiqishi, diagnostikasi, klinikasi, davo choralari va profilaktikasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, giyohvandlikning salbiy oqibatlari, uning inson salomatligi va jamiyatga bo‘lgan zarari, shuningdek, unga qarshi kurashish yo‘llari haqida ham tushuntirildi.
Tadbir davomida talabalar OITS va giyohvandlik bo‘yicha qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi. Ushbu tadbir yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish va zararli illatlardan ogohlantirish maqsadida tashkil etilgan muhim tashabbus sifatida baholandi.