Yangiliklar

img
Fri, 10/21/2022 - 15:12

Ochiq muloqot o'tkazildi

19-oktabr kuni Ona tili va adabiyot ta’limi fakulteti kechki ta’lim shaklida tahsil oluvchi 2- va 3-kurs talabalari bilan universitet rahbariyati o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Yig‘ilishda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori S. Normamatov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori N. Jo‘raqo‘ziyev, fakultet dekani M. Abdullayeva, yoshlar masalalari bo‘yicha dekan  o‘rinbosari J. Norqo‘ziyev, o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A. Ruziyev, Ona tili va adabiyot ta’limi kafedrasi mudiri G. Jo‘rayevalar ishtirok etishdi. 
Tadbirni o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor S. Normamatov ochib berdi. Yuqori kurslarda tahsil olayotgan talabalar, avvalo, pedogogik mahoratga ega bo‘lishlari shartligi, psixologik jihatdan yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishga tayyor bo‘lishlari kerakligini aytib o‘tdi. Talabalarning joriy, oraliq va yakuniy nazoratlari tartibi, o‘quv jarayoni, davomati haqida ham fikrlar bildirdi. Shuningdek, ichki tartib qoidalar, ta’lim bo‘yicha universitet nizomi haqida ham axborot yetkazildi. 
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor N. Jo‘raqo‘ziyev malakaviy amaliyotni o‘tash tartibi, 4+2 yoki universitet-maktab tizimida ham o‘qish ham amaliyot o‘tkazish yo‘l-yo‘riqlari haqida tushunchalar berdi. Bundan tashqari ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullanish muhimligini qayd etib o‘tdi. Ilmiy maqolalar va tezislar e’lon qilish ham zarurligini ta’kidladi.
Fakultet dekani M. Abdullayeva kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan talanbalarning muammolari haqidagi so‘radi. Ko‘rish imkoniyati me’yoridan past bo‘lgan bir nafar talabaga yotoqxonadan joy ajratishni va’da berdi. Shuningdek, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan bemalol dekanatga murojaat qilish mumkinligini aytib o‘tdi.
Yoshlar masalalari bo‘yicha dekan o‘rinbosari J. Norqo‘ziyev talabalarning turli xil yot g‘oyalar ta’siriga berilmasliklari, ota-ona va Vatan oldidagi burchni unutmaslik kerakligini aytib o‘tdi. Internetdagi ta’qiqlangan sayt va portallarga o‘zlari bilib-bilmagan holda kirib qolmasliklari, har xil guruhlarga a’zo bo‘lmasliklarini, muammoli vaziyatlar va ko‘ngilsiz holatlarda dekanatga murojaat qilish va yordam olish mumkinligini qayt etdi.
O‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A. Ruziyev darslarga o‘z vaqtida kelish, berilgan topshiriqlarni bajarish, o‘quv xonalarini ozoda saqlash, shuningdek, kiyinish madaniyatiga rioya qilish kerakligini bildirdi. 


Ona tili va adabiyot ta’limi kafedrasi mudiri G. Jo‘rayeva esa kelajakda magistratura, doktarantura kabi oliy ta’lim bosqichlarida o‘qish uchun xorijiy tilni bilish sertifikati olish kerakligi, buning uchun bo‘sh vaqtlarda qo‘shimcha kurslarga ham borish zarurligini, universitetda ham turk, fors, arab, ingliz va rus tillaridan to‘garaklar tashkil etilganligini qo‘shimcha qildi.
Talabalar tomonidan berilgan savollarga javob qaytarildi. Bildirilgan takliflar inobatga olindi. Ularni qiynayotgan muammolarga yechim topishda amaliy ko‘mak berishga kelishildi.