Nijniy Novgorodda o'zbek tili va madaniyati kuni nishonlandi
Joriy yilning 2-noyabr kuni Nijniy Novgorod davlat lingvistika universitetida (NDLU) Oʻzbek tili va madaniyati kuni keng nishonlandi. Unda Oʻzbekistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlari rektorlari va prorektorlari, pedagogik jamoatchilik vakillari, oʻzbek va rus tillari oʻqituvchilari, Nijniy Novgorodda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar ishtirok etishdi.

NDLU rektori Janna Nikonova festival mehmonlari va ishtirokchilarini tabriklab, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovni Xalqaro Chingiz Aytmatov mukofoti sohibi boʻlgani bilan tabrikladi. Shuhrat Sirojiddinov festival ishtirokchilari va mehmonlariga murojaat qilib, oʻzbek tilining nufuzini oshirish, dunyodaning turli nuqtalarida maxsus oʻzbek tili markazlari tashkil etish, oʻzbek madaniyatini targʻib etishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida gapirdi.

Oʻzbekistonlik va rossiyalik talabalar turkiy tillar tarixi, turkiy xalqlarning atoqli mutafakkirlari haqida noyob maʻlumotlar bilan oʻrtoqlashdilar, dunyoga mashhur oʻzbek ijodkorlarining sheʻrlarini oʻqib berdilar. Bundan tashqari, tadbirda NDLU Xalqaro munosabatlar va jahon siyosati oliy maktabining ToshDOʻTAUda amaliyot oʻtagan talabalari Vatanimiz haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar. Tojikiston Respublikasi talabalari oʻzbekistonlik talabalarni bayram bilan tabriklab, yorqin chiqishlar qilishdi.

Festival yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi talabalari NDLU negizida oʻzbek yoshlari jamiyatini tashkil etish taklifi bilan chiqdilar.


