Navoiyga ehtirom
Bugun buyuk shoir va mutafakkir, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludiga 583 yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan ulugʻ mutafakkir nomi bilan ataluvchi universitetda Navoiy ijodiga bagʻishlangan qator tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Universitet vakillari erta tongdan Adiblar xiyobonidagi Navoiy haykali poyiga gullar qoʻyib, hazrat xotirasiga hurmat bajo etdilar.
Shundan soʻng universitet tashqi hovlisiga oʻrnatilgan Navoiy bobomiz haykali poyida talabalar, ustozlar ishtirokida ma’rifiy suhbat tashkil etildi.
Asosiy bayram tadbirlari Oʻzbek milliy akademik drama teatrida boʻlib oʻtdi. Tadbirda universitet pedagogik jamoasi, talabalari, universitetga biriktirilgan mahallalardagi uyushmagan yoshlar ham ishtirok etishdi. Talabalarning badiiy chiqishlari, Navoiy hayoti va ijodiga oid ma’lumotlarga asoslangan olimlarning ma’ruzalari barchaga manzur boʻldi.
Shundan soʻng Alisher Navoiy asari asosida sahnalashtirilgan “Hayratul abror” spektakli namoyishi boʻlib oʻtdi.
Navoiy o‘z she’riyati orqali o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘tardi. Uning XV asrda yaratgan asarlari to shu kungacha o‘zbek adabiyoti rivojiga xizmat qiladi.