
Muvaffaqiyatli hamkorlik davom etadi
2025-yil 22-yanvar kuni Koreya xalqaro taraqqiyot hamkorlik markazi (KIDC) bosh menejeri Noh Yunmi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurdi. Mehmon ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor N.Normurodova bilan uchrashib, hamkorlik masalalari hamda kelgusi rejalar bo‘yicha suhbatlashdi.
Tashrif davomida KIDC vakillari avvalgi hamkorlik natijalaridan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Oldingi guruh qisqa muddatda o‘zbek tilini muvaffaqiyatli o‘zlashtirib, o‘zbek madaniyati haqida chuqur bilimga ega bo‘lgan edi. Bu esa KIDC va ToshDO‘TAU o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 28-yanvaridan boshlab esa KIDCning 14 nafar ko‘ngillisi universitet huzuridagi “O‘zbek maktabi”da o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganishni boshlaydi. Ushbu dastur 3 oy davom etadi va kelajakda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.
Mazkur kelishuvlar nafaqat ilmiy va madaniy almashinuvni yo‘lga qo‘yish, balki universitetning rivojlanishi uchun tashqi investitsiyalarni jalb qilishning muhim vositasi hisoblanadi. KIDC bilan olib borilayotgan hamkorlik universitetning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirib, o‘zbek tili va madaniyatini jahon sahnasiga olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi.