Yangiliklar

img
Thu, 09/10/2026 - 19:06

Mustaqillik darsi tashkil etildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 1-kurs talabalari uchun Mustaqillik darsi tashkil etildi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talabalarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va mustaqillik ne’matlarining qadriga yetish tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Darsni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jurayeva Axmatovna hamda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Nurboy Jabborov olib bordilar.

Mashg‘ulot davomida O‘zbekiston davlat mustaqilligining tarixiy ahamiyati, xalqimizning ozodlik va istiqlol yo‘lidagi ko‘p asrlik orzu-intilishlari, mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida atroflicha fikr yuritildi. Shuningdek, bugungi tinchlik va osoyishtalik, mamlakatimiz taraqqiyoti hamda yaratilayotgan imkoniyatlarning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

 

Talabalar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tgan dars jarayonida mustaqillikning yoshlar hayotidagi o‘rni, ularning ta’lim olishi, ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr almashildi. Yosh avlodning mamlakat kelajagi oldidagi mas’uliyati, faol fuqarolik pozitsiyasi va jamiyat taraqqiyotidagi ishtiroki muhim omil ekani ta’kidlandi.

 

Mustaqillik darsi yakunida talabalarga Vatan ravnaqi va xalq farovonligiga munosib hissa qo‘shish, berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, puxta bilim va yuksak ma’naviyat bilan mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilish zarurligi qayd etildi. Tadbir yangi o‘quv yilini yuksak maqsad va ezgu intilishlar bilan boshlagan yoshlar uchun muhim ma’naviy saboq bo‘ldi.