Yangiliklar

img
Wed, 12/13/2023 - 18:15

Murtazo Saydumarovga “Do‘stlik” ordeni topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi 2023-yil 26-avgustdagi Farmoniga muvofiq Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining xorijiy tillar kafedrasi dotsenti Saydumarov Murtazo G‘oziyevich “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Murtazo Saydumarovga mukofot uzoq muddatli ilmiy safardan qaytgach, 13-dekabr kuni universitet rektori tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Murtazo Saydumarovga oliy darajali “Doʼstlik” ordeni arab davlatlari va mamlakatimiz oʼrtasida koʼp asrlik doʼstlik va adabiy aloqalarni mustahkamlashdagi, jamiyat va xalqlarning birdamligini uygʼunlashtirishdagi, har tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun berildi. Mukofotni qabul qilib olgan olim va tarjimon nutqida o‘zining kamtarona mehnatlarini yuqori baholagani va qadrlagani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor qildi. Kelajakda ham o‘z sohasi bo‘yicha yurtimiz rivoji yo‘lida mehnat qilishga tayyorligini va bundan faxrlanishini qayd etdi.

  

Murtazo G‘oziyevich xorijiy universitetlarda ta’lim berish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali ustozlardan. Bugungi kunda dunyo universitetlari xalqaro reytingida birinchi 500 talikka kiruvchi Podsho Saud universitetida qariyb 20 yil ustozlik qildi. 2019-yili Shayx Hamad nomidagi Tarjima va o‘zaro bir-birini tushunish xalkaro mukofoti (Qatar) bilan 2022-yili tarjima bo‘yicha Podsho Abdullo ibn Abdulaziz nomidagi xalkaro mukofot (Saudiya Arabistoni) bilan taqdirlangan. U 30 dan ortiq xalqaro konferensiyalar ishtirokchisi, 20 dan ortiq monografiya, o‘quv qo‘llanma, ilmiy va badiiy kitoblar muallifi va tarjimoni, 100 dan ortiq ilmiy maqolalar va badiiy tarjimalar muallifi. Murtazo G‘oziyevichning o‘zbek adabiyotidan arab arab tiliga qilgan tarjimalari bir qator arab davlatlarida, jumladan, Kuvayt va Saudiya Arabistonida nashr etilgan.