Munosib e'tirof
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov Dunyo yosh turkiy ijodkorlar birligi raisi, qardosh Ozarbayjonning taniqli shoiri Intiqom Yashar hamda Boku slavyan universiteti Turkologik tadqiqotlar markazi rahbari Malika Mirzaalini qabul qildi.
Muloqot davomida turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy-adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash, turkiy tillar, adabiyot va madaniyatni o‘rganish hamda targ‘ib etish borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, akademik Shuhrat Sirojiddinovning ilmiy-pedagogik va rahbarlik faoliyatida turkiy xalqlar mushtarak ma’naviy merosini o‘rganish, o‘zbek tili va adabiyotining turkiy dunyodagi nufuzini yuksaltirish, qardosh xalqlar ilmiy-adabiy jamoatchiligi bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Uning tashabbusi va rahbarligida universitetda turkiy xalqlar adabiyoti, tili va madaniyatiga oid ilmiy tadqiqotlar, xalqaro ilmiy anjumanlar, ijodiy uchrashuvlar va ma’rifiy loyihalar izchil amalga oshirib kelinmoqda.
Universitetning turkiy dunyo ilmiy va adabiy makoni bilan aloqalarini kengaytirish, yosh tadqiqotchilar va ijodkorlarning xalqaro maydondagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, turkiy xalqlarning mushtarak adabiy va madaniy qadriyatlarini yosh avlodga yetkazish borasidagi sa’y-harakatlar ham mazkur faoliyatning muhim qismidir.

Ana shunday ilmiy, ma’rifiy va adabiy tashabbuslarning e’tirofi sifatida Intiqom Yashar akademik Shuhrat Sirojiddinovga turkiy xalqlar tili, adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Dunyo yosh turkiy ijodkorlar birligi medalini tantanali ravishda topshirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, universitetimizda tahsil olayotgan yosh ijodkorlar bilan turkiy dunyoning taniqli qalam ahli o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni yanada faollashtirish, yoshlarning xalqaro adabiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, turkologiya sohasida o‘zaro tajriba almashinuvini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy va adabiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ijodiy loyihalarni amalga oshirish, yosh olim va ijodkorlar uchun yangi hamkorlik maydonlarini yaratish bo‘yicha kelishib oldilar.
Mazkur e’tirof akademik Shuhrat Sirojiddinovning nafaqat o‘zbek tili va adabiyoti rivoji, balki turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy, adabiy va ma’naviy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi faoliyatiga berilgan yuksak baholardan biridir.

