Moliyaviy savodxonlik
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida "Global Money Week" ("Umumjahon pul haftaligi") doirasida muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, jamg‘arish madaniyatini shakllantirish, banklarga bo‘lgan ishonchni oshirish hamda shaxsiy moliyaviy xavfsizlikni ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
"Ertangi moliyaviy imkoniyatlaringiz bugungi qarorlaringizdan boshlanadi" mavzusida o‘tkazilgan tadbirda quyidagi ma’ruzachilar ishtirok etdi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Xamdamov Shavkat, Markaziy bank volantyorlari Jo‘raqulova Nasiba va Xakimov Jahongir. Tadbir davomida yoshlarga moliyaviy bilimlar asoslari, oqilona moliyaviy qarorlar qabul qilish usullari va zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha qimmatli maslahatlar berildi.

Tadbir ishtirokchilari ayniqsa moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, banklar bilan ishlashda ishonchlilik va uzoq muddatli moliyaviy rejalashtirish mavzularida yangi bilimlar oldilar. Seminarda taqdim etilgan amaliy misollar va treninglar yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga muhim hissa qo‘shdi. Tadbir nafaqat iqtisodiyot yo‘nalishi talabalari, balki universitetning barcha yo‘nalishlari talabalari uchun foydali bo‘ldi.


