Yangiliklar

img
Tue, 05/07/2024 - 19:31

Mo‘g‘uliston Milliy universiteti vakillari universitetimizda

Mo‘g‘uliston  Milliy universiteti rektori, professor Badarch Dendev  tashrif buyurdi. Professor Badarch Dendev uzoq yillar mobaynida turli mamlakatlarda  UNESKO byurosining direktori lavozimida faoliyat olib borgan. Jumladan, O‘zbekistonda bir necha yil UNESCO vakili sifatida ishlagan. U o‘zbek ilmiy jamoatchiligi, xususan, ToshDO‘TAUning ilmiy salohiyati bilan yaxshi tanish.  2024-yil boshida professor Badarch Dendev o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borish maqsadida  ToshDO‘TAU rahbariyati bilan uchrashish bo‘yicha taklif bildirgan edi. Shu taklif asosida joriy yilning 7-may kuni Mo‘g‘uliston Milliy universiteti delegatsiyasi ToshDO‘TAUda bo‘ldi. Mehmonga Mehnat bozori tadqiqotlari instituti direktori Murodullo Xolmuhamedov hamrohlik qildi.
Uchrashuv mobaynida 2023-yil oktabr oyida Mog‘uliston Milliy universitetida o‘tkazilgan 1-O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston konferensiyasi natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2024-yil 5-6-iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan 2-O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston konferensiyasida ilgari suriladigan muhim masalalar bo‘yicha fikr almashildi. ToshDO‘TAU va Mo‘g‘uliston Milliy universiteti o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, pedagoglarning o‘zaro tajriba almashishi, talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy ekspeditsiyalarni uyushtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Mo‘g‘uliston hududida turkiy xalqlarning mushtarak yodgorliklari sanalgan O‘rxun bitiktoshlari saqlanadi. Ushbu bitiktoshlarni ilmiy o‘rganish, ular asosida yangi ilmiy xulosalar berish, o‘zbek turkologiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shadigan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaqin hamkorlik qilishga kelishib olindi. 

  

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 9-21-oktabr kunlari ToshDO‘TAU dotsenti Anvar Bo‘ronov mazkur universitet qoshidagi Turkologik tadqiqotlar institutida bo'lib, ToshDO‘TAU  rektori tomonidan imzolangan hamkorlik memorandumini yetkazgan edi.