Yangiliklar

img
Tue, 12/05/2023 - 17:59

Milliy metodika asoslari haqida dars

“Avlod tarbiyasi – millat tarbiyasi”. Bu fikr Turkiston jadidchilik harakatining mashhur namoyandasi Abdurauf Fitrat qalamiga mansub. Darhaqiqat, ma’rifatparvar jadid bobolarimiz XX asr avvalida butun ilmu zakosi va ijodiy-intellektual salohiyatini milliy ta’lim-tarbiya tizimini yangilash, zamon talablari darajasiga ko‘tarish, Vatan va millatni taraqqiyga olib boradigan yangi avlodni yetishtirish yo‘liga safarbar etgan edi. Jadid bobolarimizning avlod tarbiyasi yo‘lidagi ibratli faoliyatidan bugungi yoshlarni xabardor etish dolzarb vazifalardandir.
Bugun, 2023-yil 5-dekabr kuni O‘zbek tili ta’limi fakulteti O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’limi yo‘nalishi 4-kurs talabalariga “Adabiyot o‘qitish metodikasi” fanidan noan’anaviy dars tashkil etildi. Universitetimiz O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning “Jadid maktablarida o‘qitish metodikasi” mavzusidagi ma’ruzasini talabalar katta qiziqish bilan tingladilar. Ma’ruzada milliy ta’lim tizimimizga jadidlar olib kirgan “usuli savtiya” metodining o‘ziga xosligi, “usuli hijo” va “usuli maddiya”dan farqli jihatlari, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy va Hamza singari ma’rifatparvarlarning Turkistonda “yangi maktab” g‘oyasini amalga oshirish yo‘lidagi qizg‘in faoliyati teran yoritib berildi. “Usuli savtiya” milliy metodikaning asosi ekani qiziqarli va chuqur tahlil asosida yoritildi.