“Mas’uliyatli ota-onalik” mavzusida psixologik trening oʻtkazildi
2025-yil 11-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Mas’uliyatli ota-onalik” mavzusida psixologik trening tashkil etildi. Tadbir universitetning ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda psixologiya xizmati hamkorligida o‘tkazildi.
Treningning asosiy maqsadi yoshlarni kelajakda mas’uliyatli ota-ona sifatida hayotga tayyorlash, oilaviy qadriyatlarni qadrlash, farzand tarbiyasida ota-onaning roli va mas’uliyatini chuqur anglashga chorlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida psixolog mutaxassislar tomonidan interfaol mashg‘ulotlar, guruhiy ishlar va amaliy topshiriqlar o‘tkazildi. Talabalar o‘z hayotiy qarashlarini, fikr va tajribalarini baham ko‘rishdi, shuningdek, oiladagi sog‘lom muhitni shakllantirish, o‘zaro hurmat va tushunish, mehr-oqibat hamda sabr-toqatning farzand kamolotidagi ahamiyati yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, trening jarayonida ishtirokchilar ideal ota-onalik fazilatlari, oiladagi muammolarni to‘g‘ri hal etish usullari va sog‘lom psixologik muhit yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda faol qatnashdilar.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga kelgusida oila qurishda mas’uliyatli, mehribon va oqil ota-ona bo‘lish zarurligi, bu borada psixologik tayyorgarlikning muhim o‘rin tutishi ta’kidlab o‘tildi.

