Yangiliklar

img
Fri, 12/23/2022 - 18:39

Mashhur fin shoirlari ToshDO‘TAU talabalari uchun mahorat darsi o‘tkazdi

2022-yilning 23-dekabr kuni universitetimiz talabalari uchun mashhur fin ijodkorlari shoir va tarjimon  Vil Hityonen  hamda finlandiyalik yozuvchi va shoira Mariya Payvinen bilan uchrashuv tashkil etildi.  Dunyoga mashhur shoirlarning talabalar bilan uchrashuvi kutilganidek juda maroqli bo‘ldi.  Mehmonlar o‘zbek yoshlariga zamonaviy she'riyat,  bugungi dunyoning badiiy manzarasi va unda odamning o‘rni haqida qiziqarli ma'ruza qildilar,  talabalarning har bir savoliga diqqat bilan javob qaytardilar.  

1982- yili tugʻilgan Vil Hityonen fin shoiri, tanqidchisi, 50dan ortiq kitob muallifidir. 2001-2019- yillarda noshirlik bilan shugʻullangan, “Savukeydas” nashriyotini ochgan. 2012-2014-yillarda “Mayoqdorlar” nomli oʻz kitob doʻkonini yuritgan. Yaqinda Finlyandiya yozuvchilar ittifoqi raisi etib saylandi. Sheʼrlari 20 ta tilga oʻgirilgan. Amerikalik shoir Pol Polanskiy, livanlik shoir Etel Adnan sheʼrlarini, Mark Tven hikoyalarini fin tiliga oʻgirgan. 2010-yili nufuzli “Sampo” mukofotini qoʻlga kiritgan. Finlyandiya hukumati uni madaniyat sohasidagi “Sammon Tekiyat” mukofoti bilan taqdirlagan.

Yozuvchi va shoira Mariya Payvinen ayni paytda Finlyandiyada yashaydi. Bir necha yil chet ellarda yashagan va 40 dan ortiq mamlakatga sayohat qilgan. Beshta romani, bitta sheʼriy toʻplami nashr etilgan. “Junjikish” romani Runeberg mukofotiga tavsiya etilgan. “Ochlik va tashnalik” asari esa Frankfurt kitob yarmarkasida alohida eʼtirof etilib, nemis va island tillariga tarjima qilingan.