“Ma’rifat ulashib” loyihasi davom etmoqda
2025-yil 25-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Loyiha doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi Zilola Xo‘janiyozova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Norqobil Jalilov universitetga tashrif buyurdi. Tadbirga tayyorgarlik bir oy avval boshlab yuborilib, universitet va hamkor maktablar ijtimoiy tarmoqlarida e’lonlar berildi, adiblarning asarlari talabalarga mutolaa uchun yetkazildi, “Munozara” klubi doirasida debatlar, spektakl namoyishlari, onlayn viktorinalar, “Zakovat” intellektual o‘yini, mushoira va chellenjlar tashkil etildi.
Tadbir kuni mehmonlar avval universitetga biriktirilgan Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahridagi 4- va 10-son umumta’lim maktablarida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Ular “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish jarayonida ishtirok etishdi, o‘quvchilar ijodiy chiqishlarini tinglashdi hamda o‘z she’riy va publitsistik asarlaridan namunalar o‘qib berdilar. Mazkur uchrashuvda o‘quvchilar, o‘qituvchilar va mahalla faollari ishtirok etdi. Adiblarga universitet Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i S. Eshbo‘riyev hamrohlik qildi.
Shundan so‘ng mehmonlar universitetga tashrif buyurib, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Gulnoza Jo‘rayeva tomonidan kutib olindi. Adiblar oliygoh hududida “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida qatnashdi, “Zakovat” o‘yinini kuzatdi hamda Yakkasaroy tumanidagi talabalar istiqomat qiluvchi ijara xonadonlariga tashrif buyurib, ularning sharoiti bilan tanishdi.

Kun yakunida universitet faollar zalida keng qamrovli ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda talaba-yoshlar, tyutorlar va faol professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Tadbirni Gulnoza Jo‘rayeva ochib, mehmonlar ijodi haqida ma’lumot berdi. Adiblar o‘z nutqlarida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ijod erkinligi, ilm olish mas’uliyati va adabiyotning inson tarbiyasidagi o‘rni haqida fikr bildirdilar. Uchrashuv savol-javoblar, she’riy chiqishlar va badiiy o‘qishlar bilan davom etdi.

Loyiha yakuni sifatida yozuvchilar universitetning 1-talabalar turar joyiga tashrif buyurib, “Ma’naviyat xonasi”da ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba-yoshlar bilan uchrashdilar. Talabalarning ijodiy ishlari Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etiladigan “Yoshlar bayozi” to‘plamiga tavsiya qilindi.

