Yangiliklar

img
Fri, 03/27/2026 - 17:28

Ma’rifat koshonasi

Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi xalqimiz madaniy hayotidagi katta voqea bo‘ldi. Bu mahobatli imorat ikki-uch yilda qurib bitkazilishi mumkin edi, ammo davlatimiz rahbarining “shoshilmasdan, har tomonlama ilmiy yondashuv“ asosida bunyod etish bo‘yicha topshirig‘i xalqimiz qoldirgan ko‘p asrlik ilmiy-adabiy merosning tarqalish geografiyasini o‘rganish, moddiy-ma’naviy madaniyatimiz namunalarini yig‘ish, ularni o‘rganish va tizimlashtirish kabi yuzlab ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini berdi. Binoni ishga tushirish muddatining cho‘zilishi sababi, nazarimda, shu. Shoshilib, eng uchida bajarilgan ishlar ikki karra xarajatga sabab bo‘lishi hammaga ayon. Aytishadiku, “bitta bo‘lsin zo‘r bo‘lsin” deb. Bunday majmua-muzey-kutubxonalar juda ko‘pchilik mamlakatlarda bor. Har bir inshootning arxitekturaviy yechimi o‘ziga xos. G‘oyaning ahamiyati nomi va ketgan mablag‘ bilan belgilanmaydi, mazmuniga qarab baholanadi. Majmuaning islom sivilizatsiyasi markazi deb atalishining sababi tarixiy xotiramiz bilan bog‘liq. Biz bobolardan “ islom dini Arabistonda paydo bo‘ldi, ammo uning ilm-fani Movarounnahrda yuksaldi” degan iborani eshitganmiz, lekin uninghaqiqat ekanini mustaqillikka erishgandan so‘ng angladik.

Yurtimizdan chiqqan Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, al-Farg‘oniy va Forobiy kabi mutafakkir olimlarning tadqiqotlari islom bag‘rida turib dunyoviy fanlarni rivojantirdilar, turli sohalardagi kashfiyotlari bilan jahon sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirdilar. Imom Buxoriy, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi zotlar islom naqliy fanlari, islom qonunchiligi, islom teologiyasi kabi ilmlarning taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shdilar. Ular taqdir taqozosiga ko‘ra arab tilida yozdilar, dunyo ularni arab olimlari sifatida qabul qildi. Ulardan keyingi davrlarda yashab o‘tgan qanchadan-qancha mutafakkir ajdodlarimiz arab tili bilan birga fors tilida ijod etdilar. Vaqt o‘tib, turkiy tilda ham ijod etish davri boshlandi. Butun dunyo ularni e’tirof etib keldi, faqat biz bexabar edik.

Qariyb 70 yil davomida kommunistik mafkura senzurası o‘tmish tariximizni xolis o‘rganishga yo‘l qo‘ymadi, ma’lum maqsadlar bilan tariximiz soxtalashtirilgan holda ongimizga singdirildi. Natijada butun bir avlod o‘z xalqiga tegishli buyuk ilmiy-adabiy merosdan xabarsiz ulg‘aydi, Mustaqillikka erishilgandan so‘ng bu sohada katta ilmiy izlanishlar olib borildi. Yuzlab olimlar va shoiru san’atkorlarning ilmiy-badiiy merosi aniqlandi, ayniqsa, 2017 yildan boshlab muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmon va qarorlari asosida dunyoga sochilib ketgan qo‘lyozma asarlarni izlab topish, unutilgan xalq amaliy san’atini tiklash, an’ana va qadriyatlarimizga yangi hayot bag‘ishlash ishlari boshlandi. Davlat rahbari tomonidan 2020 yil Uchinchi Renessans uchun zamin yaratish tashabbusi ilgari surildi. Tarixiy xotirani tiklash, yosh avlodni milliy qadriyatlarni e’zozlash ruhida tarbiyalash va Uchinchi Renessans uchun zarur bo‘lgan intellektual muhitni yaratish kabi uch dolzarb masala davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Sakkiz yil mobaynida xalqimiz tomonidan yaratilgan ulkan ilmiy-madaniy merosga aloqador minglab noyob ashyolar yig‘ildi, yuzlab yurtimizdan chiqqan olimlar, shoirlar, san’atkorlarning hayoti va faoliyati bo‘yicha ma’lumotlar to‘plandi.

Ma’lumot uchun aytishim mumkinki, birgina Misrning Aleksandriya kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma asarlar asosida tayyorlangan “Markaziy Osiyo olimlari ensiklopediyasi”da sakkizinchi asrdan 19 asrga qadar O‘zbekiston hududida tug‘ilib, turli arab o‘lkalarida ilm bilan shug‘ullangan 2700 olim haqida qisqacha ma’lumot berilgan. 2016-yil Samarqandda nashr etilgan “O‘rta asr Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi entsiklopediyasi”da 600dan ziyod O‘zbekiston hududida tug‘ilgan din olimlariga doir qisqa ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, falsafa, adabiyot, san’at sohasida nomlari va asarlari aniqlangan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha chuqur tadqiqot olib borilmagan yuzlab olimlar va ijodkorlar borligi aniqlandi.

Bugungi kunda ularning qaysi tilda asar yozganiga qarab millatini aniqlashga urinish tarixni bilmaslikdan boshqa narsa emas. U davrlarda islom diniga e’tiqod qiluvchi barcha xalqlar bir millatga – islom millatiga (umma) mansub, deb hisoblangan. Umuman olganda, sakkizinchi asrdan yigirmanchi asrga qadar O‘rta Osiyo xalqlari shu qadar aralashib ketganki, bugungi davrda ularning millati borasida bahs yuritish foydasiz. Bir haqiqatni bilishimiz kerak, o‘tmish ajdodlarimiz qayerda yashamasinlar, qayerda umrlar yakun topmasin, o‘zlarining tug‘ilgan joylarini, o‘z Vatanlarini qayd etib, nomlariga qo‘shib yozganlar (nisba). Shundan biz Imom Buxoriyning Buxorodan ekanini, Moturidiyning Samarqandning Moturid qishlog‘idan ekanini anglaymiz. Shunday ekan, biz, qadim Movarounnahrning bugungi vorislari, ular bilan faxrlanishga, g‘ururlanishga to‘la ma’naviy haqqimiz bor. Xalqimiz o‘zining ko‘p asrlik taraqqiyoti jarayonida uch tilli xalq bo‘lib shakllangan. Ilmiy asarlar arab tilida, poeziya fors va turkiy tilda yaratilgan. Bu an’ana yigirmanchi asrga qadar so‘ngani yo‘q. Bunday ulkan ma’naviy merosni yuzaga chiqarish bo‘yicha har tomonlama chuqur tadqiqot ishlarini olib borish markaz zimmasiga qo‘yilgan. Aholimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida o‘tmish mutafakkirlarimiz, buyuk bobokalonlarimizning hayoti va faoliyati namuna bo‘lishi nuqtai nazarida katta ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Islom sivilizatsiyasi markazi, ayrimlar o‘ylagandek, diniy markaz emas. Islom sivilizatsiyasi nomi ostida yurtimiz islomlashtirilgan 8 asrdan boshlab xalqimizning bugungi davrga qadar davom etgan madaniy va ma’naviy hayoti taraqqiyoti nazarda tutilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu markaz - xalqimizning ko‘p asrlik madaniyati, ilm-fani, adabiyoti va san’atini namoyish etuvchi o‘ziga xos tarbiyaviy-ma’rifiy majmua va shu bilan birga, tadqiqot markazidir.

 

Shuhrat Sirojiddinov, akademik