Yangiliklar

img
Wed, 04/09/2025 - 12:31

“Ma’rifat dars”lari davom etmoqda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida navbatdagi “Ma’rifat darsi” oʻtkazildi. Ushbu darsda ToshDOʻTAU filologiya fanlari doktori, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektori Gulnoza Joʻrayeva ishtirokchilarga soʻnggi siyosiy, iqtisodiy va madaniy voqealar yuzasidan tahliliy ma’lumotlar taqdim etdi.
Dars davomida prorektorimiz quyidagi asosiy voqealarga e’tibor qaratdi:
Shavkat Mirziyoyev Prezidentimiz 31-mart kuni Xo‘jand shahrida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda qatnashib, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish, qoʻshma savdo va mintaqaviy hamkorlik masalalarini konstruktiv hal etilgani haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv doirasida, shuningdek, bojxona punktlarini modernizatsiya qilish va logistika infratuzilmasini kengaytirish borasidagi tashabbuslar ham muhokama qilindi.
1-aprel kuni Prezidentimiz Xitoy delegatsiyasini qabul qilib, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasi hamda oliy va professional ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu uchrashuvda mintaqaviy aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvning ahamiyati qayd etildi.
4-aprel kuni Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit davomida Yevropa kengashi Prezidenti, Yevropa komissiyasi rahbarlari, shuningdek, mintaqa prezidenti va boshqa rahbarlar ishtirokida strategik sheriklik tashabbuslari, iqtisodiy hamkorlik, innovatsiyalar, “yashil” energetika, transport va raqamlashtirish sohalaridagi kelajak istiqbollari muhokama qilindi. Shu kundalik sessiyada Prezidentimiz mintaqaviy integratsiya, samarali investitsiyalar va kelajak avlodlarimiz uchun barqaror taraqqiyot yo‘lini belgilash borasidagi asosiy qarorlarni bayon etdi.
Shuningdek, Samarqand xalqaro iqlim forumida Prezidentimiz ekologik barqarorlik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalari borasida muhim nutq so‘zladi. Forumda issiqxona gazlarini kamaytirish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish va suv resurslarini oqilona boshqarish kabi dolzarb masalalar alohida oʻrganildi. Prezidentimiz shuni ta’kidlaganki, bu tashabbuslar nafaqat milliy darajada, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda ham barqaror rivojlanish yo‘lida muhim o‘rin tutadi.
Ushbu “Ma’rifat darsi”da taqdim etilgan tahliliy ma’lumotlar va voqea tafsilotlari ishtirokchilarga mintaqaviy hamkorlikning yangi imkoniyatlari, zamonaviy transport, sanoat, ilm-fan va ta’lim sohalarida olib borilayotgan yangiliklar haqida to‘liq tasavvur yaratdi. Prorektorimizning faol taqdimoti nafaqat o‘quvchilar, balki butun universitet hamjamiyati uchun dolzarb yangiliklardan xabardor boʻlishda katta ahamiyat kasb etdi.