“Ma’rifat darsi”lari davom etmoqda
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotida roʻy bergan voqealarga bagʻishlangan “Ma’rifat darsi” mashgʻuloti boʻlib oʻtdi. Darsni universitetning taniqli oʻqituvchilaridan biri, dotsent Abdumurod Tilavov olib bordi.
Mashgʻulot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi, turizm va bunyodkorlik sohasidagi yirik loyihalar, shuningdek, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar kabi dolzarb mavzular yoritildi. Dotsent Tilavov Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, Andijon viloyatida qurilayotgan “Bobur shahri” va “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi kabi loyihalarning ahamiyati haqida tushuncha berdi.
Shuningdek, darsda mamlakatimizning xalqaro hamkorlikdagi muvaffaqiyatlari, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi kabi davlatlar bilan oʻzaro munosabatlar, taʼlim va texnologiya sohasidagi yangiliklar ham muhokama qilindi. Oʻquvchilar bilan boʻlgan suhbatda yoshlarning bilim olishdagi ahamiyati, zamonaviy kasblarni egallash va milliy qadriyatlarga sodiq qolish masalalari qalamga olindi.

“Ma’rifat darsi” nafaqat talabalar uchun yangi bilimlar manbai, balki ularning Vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga ham xizmat qildi. Dars yakunida dotsent Tilavov oʻquvchilarga ilm olishning dolzarbligini taʼkidlab, ularni har tomonlama rivojlanishga chaqirdi.


