Yangiliklar

img
Wed, 09/24/2025 - 17:49

"Ma'rifat darsi": talabalar uchun saboqlar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida navbatdagi “Ma’rifat darsi” yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu darsda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ta’lim sohalaridagi muhim islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Darsni filologiya fanlari doktori Orzugul Hamroyeva olib bordi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda 40 mingdan ziyod pedagoglar bilan muloqot qilib, ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, yangi avlod bog‘chalarini tashkil etish, tarbiyachilarni ilg‘or pedagogik texnologiyalarga o‘rgatish masalalariga to‘xtaldi. Shuningdek, umumta’lim maktablarida o‘quvchilar bilimini baholashda yagona davlat imtihonlari joriy etilishi, texnikumlarda kasbiy ta’limni rivojlantirish, xalqaro sertifikatlar olish imkoniyati yaratilishi haqida muhim yangiliklar bildirildi. Shu bilan birga, ustozlarga qo‘shimcha ustamalar, zamonaviy ustaxonalar, qisqa muddatli dasturlar, maktablarda maslahatchi lavozimlari, ipoteka krediti va boshqa rag‘batlantirish mexanizmlari orqali o‘qituvchilarning mavqei va sharoitlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 16–17-sentyabr kunlari Namangan viloyatida bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumining ochilish marosimida so‘zlagan nutqida esa mamlakatimizning 2030-yilgacha bo‘lgan taraqqiyot strategiyasi hamda kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Unga ko‘ra, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining yettita ustuvor yo‘nalishi belgilandi: sifatli ta’limni rivojlantirish, doimiy ish o‘rinlari yaratish, xotin-qizlarga e’tibor qaratish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, infratuzilmani yaxshilash, barqaror rivojlanish va inson salomatligini mustahkamlash.

 

Shu asosda kambag‘allikka qarshi kurashishda zamonaviy mexanizmlar joriy qilinib, aholiga bepul tibbiy xizmatlar, subsidiyalar, ijtimoiy paketlar, yangi ishlab chiqarish imkoniyatlari yaratilishi ta’kidlandi. Forum doirasida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki rahbarlari ham ishtirok etib, O‘zbekiston bilan strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Ushbu “Ma’rifat darsi” orqali talabalar O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim tizimidagi yangiliklar va kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha milliy hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida keng va batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.