Yangiliklar

img
Mon, 02/17/2025 - 19:16

Ma’naviyat hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanishi kerak

Bugun ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, ichki va tashqi tahdidlarga qarshi samarali kurashish, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatiga ko‘maklashish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan, 2025-yil 17-20 fevral kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar instituti hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida oliy ta’lim muassasalarining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlariga mo‘ljallangan malaka oshirish o‘quv-seminari tashkil etildi.
Mazkur seminarning asosiy maqsadi oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish hamda yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan. Seminarning ilk kunida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori (DsC) Otabek Xasanov ishtirok etdi. Otabek Xasanov o‘z ma’ruzasida davlat xizmatchisining ma’naviy-axloqiy fazilatlari, rahbar kadrlarning kasbiy mahorati va mas’uliyat darajasi haqida so‘z yuritdi.

 

Shuningdek, o‘quv-seminarda Notiqlik akademiyasi rahbari Rahimboy Jumaniyozov, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov kabi tajribali mutaxassislar ishtirok etdi. Ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, “O‘zbekiston—2030” strategiyasi, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili” dasturining mazmun-mohiyati hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning dolzarb jihatlari bo‘yicha ma’ruzalar o‘tkazdi.

 

O‘quv-seminarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy-axloqiy muhitni yaxshilash, milliy g‘oyaning O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning jamiyat barqarorligiga ta’siri, tahdidlarni bartaraf etish omillari kabi mavzular muhokama qilindi.
Mazkur o‘quv-seminar oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga, yoshlar ongida vatanparvarlik, xalq va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.