Yangiliklar

img
Wed, 12/24/2025 - 11:19

Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda davra suhbati tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 11-noyabrdagi 05/15-01-15-347-sonli xati ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil 24-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan Tepa mahalla fuqarolar yig‘inida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur tadbirda universitetning Ma’naviyat bo‘limi vakili O‘ktam Qahhorov, “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Alisher Yarkulov hamda kafedra o‘qituvchisi Xaytboyev Boburjon ishtirok etdilar. Davra suhbatida ushbu mahallada ijara asosida istiqomat qilayotgan universitet yoshlari faol qatnashdi.

Tadbirni O‘ktam Qahhorov kirish so‘zi bilan ochib, yoshlar orasida uchrayotgan ijtimoiy xavfli illatlar, xususan, yot g‘oyalar ta’sirining oldini olish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish masalalari bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Alisher Yarkulov “Giyohvandlikka yo‘q deymiz” mavzusida ma’ruza qilib, giyohvandlikning kelib chiqish omillari, uning jamiyat va yoshlar hayotiga salbiy ta’siri, shuningdek, ijtimoiy-huquqiy oqibatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Keyingi chiqishda Xaytboyev Boburjon “Yoshlarni yot g‘oyalarga qarshi kurashishda milliy tarbiyaning ahamiyati” mavzusida ma’ruza qilib, milliy qadriyatlar, ma’naviy meros va sog‘lom dunyoqarash yoshlarni turli zararli g‘oyalardan asrashda muhim omil ekanini aniq misollar asosida yoritib berdi.

 

Shuningdek, “Tepa” MFY yoshlar yetakchisi Nigora Artikova mahallada yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib, yoshlarni ijtimoiy faollikka chorlovchi tavsiyalar berdi. Tadbirda MFY profilaktika inspektori Yoldoshev Shahboz ham ishtirok etib, huquqbuzarliklarning oldini olish, muammoli vaziyatlarda huquq-tartibot organlari bilan tezkor aloqaga chiqish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi hamda yoshlar uchun ishonch telefon raqamlarini taqdim etdi.

 

Davra suhbati yakunida O‘ktam Qahhorov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi va bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.

Mazkur tadbir vazirlik topshirig‘i ijrosini ta’minlash, yoshlarni yot g‘oyalardan himoyalash hamda ularning ma’naviy immunitetini mustahkamlashga xizmat qildi.