Malakaviy imtihonlar muvaffaqiyatli tashkil etildi
2026-yil 25-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida mutaxassislik va qo‘shimcha fanlardan malakaviy imtihonlar o‘tkazildi. Mazkur imtihonlar ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan izlanuvchilarning nazariy bilimlari, ilmiy salohiyati hamda amaliy ko‘nikmalarini baholashga qaratildi. Imtihonda 54 nafar talabgor ishtirok etdi.
Imtihonlar universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori N. Normurodova rahbarligida tashkil etilib, jarayon yuqori akademik standartlar asosida olib borildi. Malakaviy imtihonlarni o‘z sohasining yetuk olimlaridan iborat komissiya qabul qildi.
Sinovlar 10.00.01 – O‘zbek tili, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti, 10.00.04 – Yevropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik, 10.00.07 – Adabiyot nazariyasi, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi hamda chet tili (ingliz tili) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi.
Shuningdek, qo‘shimcha fanlardan jahon adabiyoti nazariyasi va qiyosiy adabiyotshunoslik, lingvotarjimashunoslik, adabiyotshunoslik metodologiyasi, badiiy tahlil asoslari, lingvokulturologiya, matn tilshunosligi, pragmalingvistika va psixolingvistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham malakaviy imtihonlar tashkil etildi.

Imtihonlar davomida ishtirokchilarning ilmiy yondashuvi, tahliliy fikrlashi, nazariy tayyorgarligi va amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Adabiyotshunoslik, tilshunoslik va pedagogika sohalarida tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilarning ilmiy faoliyati ham atroflicha baholandi.

Universitet tomonidan malakaviy imtihonlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdir. Imtihon natijalari bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar yaqin kunlarda e’lon qilinadi.

