Yangiliklar

img
Thu, 11/20/2025 - 09:47

Mahmudxo‘ja Behbudiy va Turkiston jadid adabiyoti takomili

Joriy yilning 19-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Mahmudxo‘ja Behbudiy va Turkiston jadid adabiyoti takomili” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlab tashkil etildi.

Konferensiyani universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova ochib berdi. U Behbudiyning ta’lim, matbuot va adabiyot sohalaridagi faoliyati o‘z davri uchun qanday yangilik olib kirganini, uning merosi bugun ham ilmiy jamoatchilik uchun qimmatli ekanini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjondan yetakchi tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Jumladan, TDO‘TAU professori Nurboy Jabborovning Behbudiyning ta’lim islohotiga oid qarashlari haqidagi fikrlari, Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasidan professor Yashar Qosimning Behbudiyning umumturk madaniy jarayonidagi o‘rni haqidagi ma’ruzasi anjuman ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Shuningdek, Turkiyaning Hoji Bayram Vali universiteti professori Zaynobidin Abdurashidov behbudiyshunoslikdagi hozirgi ilmiy izlanishlar haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.

  

Konferensiya ishlari bir nechta sho‘balarga bo‘linib davom etdi. Sho‘balarda Behbudiy asarlarining matnshunoslik jihatlari, jadid teatrining shakllanishi, jadid matbuoti rivoji, shuningdek, yangi topilgan arxiv materiallarining ilmiy qiymati kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Behbudiy merosini chuqur o‘rganish, qo‘lyozmalar va tarixiy nashrlar bilan ishlashni tizimli davom ettirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish borasida taklif va tavsiyalar bildirdilar.