“Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusidagi insholar tanlovi bo‘lib o‘tdi
2025-yil 10-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 17-martdagi 100-sonli buyrug‘iga muvofiq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusidagi insholar tanlovining 2-saralash bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov yosh avlodni milliy o‘zlik, tarixiy xotira, ma’naviy merosga hurmat ruhida tarbiyalash, Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish, uning ilg‘or g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish maqsadida tashkil etildi.
Tanlovning 2-bosqichidaToshkent shahri va Toshkent viloyati universitetlaridan kelgan iqtidorli talabalardan iborat ishtirokchilar o‘z ijodiy ishlari bilan qatnashib, Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik faoliyati, ijtimoiy-siyosiy qarashlari va yoshlar tarbiyasiga oid fikrlarini o‘ziga xos tarzda yoritib berishga harakat qildilar.
Tadbir yakunida saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan talabalar keyingi — respublika bosqichiga tavsiya etildi. Tanlov jarayoni adolatli va shaffof o‘tishi uchun tajribali filolog olimlar, adabiyotshunoslar va pedagoglardan iborat hakamlar hay’ati faoliyat yuritdi.
Mazkur tanlov nafaqat iste’dodli talabalarni aniqlash, balki ularni Vatan ravnaqi va milliy taraqqiyot yo‘lida faol ishtirok etishga undovchi muhim ma’naviy-ma’rifiy platformaga aylanishi bilan ahamiyatlidir.

