Yangiliklar

img
Mon, 11/24/2025 - 10:01

Mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan trening

Toshkent shahrida “Hududiy muammolardan advokatsion yechimlargacha” mavzusidagi ikki kunlik o‘quv-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillari uchun Markaziy Osiyo Uyushmasi jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Buyuk Britaniya Elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Trening doirasidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ombudsman instituti bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Treningda ishtirokchilar hududlarda uchraydigan ijtimoiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va ularga advokatsion yondashuv asosida amaliy yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdi. Dastur inson huquqlari, gender tengligi, inklyuzivlik, jamoatchilik ishtiroki va manfaatdor tomonlar bilan muloqot kabi mavzularni qamrab oldi.

Ochilish qismida Ombudsman Feruza Eshmatova, Buyuk Britaniya Elchixonasi vakili Xelen Brodrik hamda Markaziy Osiyo Uyushmasi raisi Gulnoz Mamarasulova fuqarolik jamiyati va davlat institutlari o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati, ochiq muloqot va mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Alohida qayd etish lozimki, Markaziy Osiyo Uyushmasi jamiyati rahbari Gulnoz Mamarasulova Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining dotsenti va tadqiqotchisi hisoblanadi.

  

Treningda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining bir guruh talaba qizlari ham ishtirok etdi. Ular gender tengligi, inson huquqlari va jamoatchilik ishtirokiga oid mashg‘ulotlarda o‘z fikrlarini bildirdi. Dastur davomida universitetning THE Impact Ranking natijalariga ko‘ra Gender Equality yo‘nalishida dunyoning kuchli TOP-10 talik oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy olgani eslatib o‘tildi. Ushbu natija universitetda gender adolati, inklyuzivlik va ijtimoiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar bilan hamohang ekani qayd etildi. Universitet gender tengligini mustahkamlash hamda fuqarolik jamiyati institutlariga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.