Yangiliklar

img
Fri, 06/20/2025 - 12:18

Magistrlik dissertatsiyalari himoyasi boʻlib oʻtdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2024-2025-o‘quv yilida 11 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha jami 109 nafar talaba o‘z magistrlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Magistrlik dissertatsiya himoya jarayoni 2025-yilning 16-iyunidan 21-iyunigacha bo‘lgan muddatda o‘tkazildi, bu jarayon davomida har bir mutaxassislik boʻyicha talabalar 7 ta yakuniy davlat attestatsiya komissiyalarida magistrlik darajasini olish uchun o‘z ilmiy ishlarini taqdim etishdi. Jarayonni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, f.f.d., professor Nozliya Normurodova nazorat qildi.
Himoya jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-dekabrdagi 836-son qaroriga asosan tashkil etildi va imtihonlar shaffoflikni ta’minlash maqsadida ovozli videotranslyatsiya orqali namoyish etildi. Jarayon yuqori darajada tashkil etildi, bu esa komissiya a’zolari va kafedra rahbarlarining fidokorona mehnati, shuningdek, ilmiy rahbarlarning sifatli tayyorgarligi natijasidir.
Bitiruvchilarga kelajakdagi ilmiy va kasbiy faoliyatlarida katta omad tilaymiz! Ularning magistrlik dissertatsiyalari zamonaviy talablar va dolzarb mavzular asosida tayyorlangan bo‘lib, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Folklorshunoslik va dialektologiya”, “Kompyuter lingvistikasi” kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlarning dolzarblik darajasi alohida e’tibor qozondi. “Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik” va “Adabiyotshunoslik” kabi sohalarda ham zamonaviy texnologiyalar va global tendensiyalarni hisobga olgan mavzular muhokama qilindi, bu esa bitiruvchilarning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam asos yaratdi. Jarayon davomida har bir kafedra mudiri va komissiya kotibi universitet rektorining buyrug‘i asosida himoyalarni tashkil etishga mas’ul bo‘lib, talabalar hujjatlari Nizomga muvofiqligi kafedralar va ilmiy rahbarlar zimmasida saqlanib, himoya bayonnomalari O‘quv-uslubiy bo‘limiga topshirildi.