Yangiliklar

img
Thu, 06/15/2023 - 19:00

Magistrlar tomonidan tilshunoslikning yangi yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borildi

Lingvistika (o‘zbek tili) mutaxassisligi bo‘yicha magistrlik dissertatsiyalari himoyasi jarayonini kuzatar ekanmiz, talabalarning himoyaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganliklarini guvohi bo‘ldik.
Magistrlar tilshunoslik sohasining zamonaviy tendensiyalarini aniqlash, amaliy muammodan ilmiy muammoni shakllantirish, tanlagan mavzusiga oid ilmiy manbalarni qidirib topish, tadqiqotning  maqsadi, vazifalari, obyekti va predmetini belgilash,  ilmiy-tadqiqot metodlarini to‘g‘ri tanlash va unumli foydalanish ko‘nikmalarini egallash bilan birga, respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-nazariy anjumanlarda ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etganlar.
Nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalari orqali tadqiqot natijalarini keng ilmiy jamoatchilikka yetkazganlar. 
Lingvistika (o‘zbek tili) mutaxassisligini tamomlayotgan magistrlar   til tarixi, qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik hamda yangi yo‘nalishlar bo‘lgan kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya, pragmatika sohalarida izlanishlar olib borganligi quvonarli hol bo‘lib, sohaga iqtidorli, izlanuvchan yoshlarning kirib kelayotganligidan dalolat beradi.
Ana shunday yoshlardan biri, Abdullajonova Madina To‘lanboy qizining magistrlik dissertatsiyasi himoyasi yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi tomonidan yuqori baholandi va e’tirof etildi. 
2017-2021-yillarda O‘zbek filologiyasi fakultetida ta’lim olgan Madina  universitetimizdagi  ilmiy muhit, bilim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, professor-o‘qituvchilarning yuksak salohiyati unda magistraturada o‘qish va ilmiy tadqiqot olib borish istagini paydo qilganligini ta’kidlaydi.


Professorlar H.Dadaboyev, S.Ashirboyev, Z.Xolmanova, M.Hakimova, M.Umurzaqova, M.Qurbonova kabi yetuk olimlardan mutaxassislik fanlaridan puxta saboq oldi. 
Professor  Xolmanova Zulxumor Turdievna ilmiy rahbarligida “Disgrafiya muammolari” mavzusida olib borish ilmiy tadqiqot ishi bugun ana shunday e’tirofga sazovor bo‘lganidan xursand. “Komissiya a’zolarining dissertatsiyam yuzasidan bildirgan ijobiy fikrlari, taklif va mulohazalari ilm olishga bo‘lgan rag‘batimni yana-da kuchaytirdi.  Ilm yo‘li savobli yo‘l, biz ham kelajakda ustozlarimiz singari yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qildik.


Albatta, bu natijaning ortida ilmiy rahbarimning, bizga ta’lim bergan ustozlarning katta mehnati turibdi. Ustozlarimizning ishonchini oqlay olishimizning o‘zi baxt!”- deydi Madina Abdullajonova.

Biz ham ularning kelgusidagi ilmiy faoliyatlarida yuksak parvozlar tilaymiz!