
Magistratura bo’limi bitiruvchilarining malakaviy dissertatsiya himoyalari bo’lib o’tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Magistratura bo’limi bitiruvchilarining malakaviy dissertatsiya himoyalari bo’lib o’tdi. Joriy yilning 6-iyunidan 10-iyuniga qadar bo’lib o’tgan mazkur jarayonda 6 yo’nalishdan 206 nafar magistrant ishtirok etdi.
Bakalavr ta’limidan so’ng, ilmning yana bir pog’onasiga qadam qo’yib, uning sir-asrorlarini ikki yil davomida o’rgangan va amaliyotda hayotga tatbiq etishni uddalagan ilmi toliblar bugun katta hayajon bilan sinovdan o’tishdi.
Jarayon kun tartibida belgilanganidek olib borildi. Dastlab, Davlat attestatsiya komissiyasi raisi N. Rahmonov so’zga chiqib, magistrantlarni tabrikladi va himoya talablari bilan tanishtirdi. Magistrlik himoyasida universitet O’quv ishlari bo’yicha prorektor S.Normamatov va Magistratura bo’limi boshlig’I R.Yarkulov ham ishtirok etdi. Himoya jarayoni universitetimiz professor-o’qituvchilari tomonidan olib borildi.
Bitiruvchilar o’z magistrlik dissertatsiyasini ma’ruza qilishdi. Ichki va tashqi komissiya a’zolaridan aniqlashtiruvchi savollar berildi.
O’zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarning mahoratli kadr bo’lib yetishishi uchun ularni xalqaro talablar va standartlar darajasida tayyorlashni yanada takomillashtirish, ta’lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablarga mos keladigan o’quv va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ilg’or axborot kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Aytish kerakki, bugun magistrlik himoyasini topshirgan bitiruvchilarning o’ziga bo’lgan ishonchi yuksak. Bitiruvchi yoshlarga ustozlaridan olgan bilimlarini amaliyotga taqdim etishlarida, mamlakatimiz ta’lim tizimi uchun eng foydali ezgu maqsadlarini dadillik bilan amalga oshirishlarida omad tilaymiz. Jarayondan lavhalarni universitetimiz YouTube kanalida tomosha qiling: https://youtu.be/Wwh0R00CIuc.