Yangiliklar

img
Wed, 12/03/2025 - 18:21

“La culture ouzbek” madaniy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi

2025-yil 3-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Xorijiy tillar kafedrasining fransuz tili yo‘nalishi talabalari tomonidan “La culture ouzbek” (“O‘zbek madaniyati”) mavzusida keng qamrovli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirning maqsadi talabalarga o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, an’analari, urf-odatlari va milliy qadriyatlarini xorijiy til orqali namoyish etish, shuningdek, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida fransuz tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar 5 ta viloyat bo‘yicha guruhlarga bo‘linib, har bir guruh o‘ziga tegishli hududning madaniyati, san’ati va an’analarini sahna ko‘rinishlari orqali jonli tarzda namoyish etdi. Talabalar sahnada milliy liboslar, raqslar, urf-odatlarga oid epizodlar, qadimiy marosimlar va xalqona an’analarni ijodkorlik bilan taqdim etib, tomoshabinlarga o‘zbek madaniyatining rang-barangligini yetkazishdi.

Bundan tashqari, har bir viloyat jamoasi o‘z hududiga xos milliy taomlarni tayyorlab, ularni nafaqat o‘zbek tilida, balki fransuz tilida ham batafsil taqdim etdi. Bu jarayon talabalar uchun nafaqat ijodiy mashg‘ulot, balki amaliy til mashqi sifatida ham samarali bo‘ldi.

 

Tadbir ishtirokchilari ijodiy yondashuv, sahnaviy chiqishdagi mahorat, milliy qadriyatlarni to‘g‘ri aks ettirish, shuningdek, tayyorlangan taomlarni ikki tilda taqdim etish ko‘nikmalariga ko‘ra baholandi. Tadbir yakunida barcha guruhlar o‘z nominatsiyalari bo‘yicha maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanib, ularning mehnati e’tirof etildi.

 

Ushbu madaniy-ma’rifiy tadbir talabalarning ijodiy faolligini oshirish, ularning xorijiy til kompetensiyasini mustahkamlash, o‘zbek xalqining milliy merosi va madaniy boyliklarini keng targ‘ib etish hamda turli madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik yaratishga xizmat qildi. Shu tariqa, “La culture ouzbek” tadbiri talabalar hayotida unutilmas taassurot qoldirdi va ular uchun muhim tajriba bo‘ldi.