Yangiliklar

img
Wed, 07/10/2024 - 15:27

Koreys-o'zbek parallel korpusi yaratiladi

2024-yilning 10-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida Koreya milliy instituti delgatsiyasi mehmon bo'ldi. Delegatsiyaga mazkur institutning Til tadqiqotlari departamenti direktori Jung Hevon rahbarlik qildi. Mehmonlar bilan ToshDO'TAU xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova suhbatlashdi. Suhbat davomida Koreya milliy instituti Til axboroti va resurslari bo'limi boshlig'i Kang Miyoung so'z olib, KMI tomonidan yirik dasturiy loyiha olib borilayotganini bildirdi. Bu loyiha "Koreys va xorijiy tillar parallel korpusi" deb deb ataladi. Mazkur loyiha doirasida  Koreys-O'zbek parallel korpusi ustida ish boshlanayotgani aytildi. O'z navbatida bu muhim loyihani amalga oshirishda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi bilan hamkorlik qilish muhimligi mehmonlar tomonidan alohida qayd etildi. Sababi ToshDO'TAU olimlari bir necha yildan buyon o'zbek tilining milliy korpusi loyihasi ustida ishlashmoqda va korpusni har jihatdan takomillashtirib borishmoqda. 
Universitetda ayni yo'nalishda qilingan ishlar bo'yicha Texnika fanlari bo'yicha falsafa doktori Botir Elov batafsil ma'lumot berdi. Koreys tilining parallel korpusini yatish jarayonlari bo'yicha koreyalik mutaxassis ham alohida ma'ruza qildi. 

  

Nihoyatda qiziq va ma'lumotlarga boy bo'lgan ma'ruzalardan so'ng tomonlar hamkorlikda ko'plab loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Xususan, "Koreys-o'zbek parallel korpusini yaratish" loyihasi juda ko'plab texnik muammolarga dasturiy yechim bo'lishi kutilmoqda. Bu yo'nalishda Koreya tajribasini o'rganish va o'zlashtirish muhim ahamiyatga egadir.